Yosh o‘zbek rejissyorlari xalqaro maydonga chiqmoqda (+video)
Fransiyaning Kann shahri dunyo kino sanoatining eng nufuzli manzillaridan biri hisoblanadi. Bu yerda qo‘lga kiritilgan har qanday yutuq oddiy mukofot emas, balki ijodkor uchun xalqaro e’tirof ramzi sifatida qabul qilinadi. Bu safar ham Kanndan kelgan xabar yurtimizdagi kino muxlislari va san’at ahlini befarq qoldirmadi. O‘zbekistonlik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” qisqa metrajli filmi xalqaro maydonda yuksak bahoga sazovor bo‘lib, eng oliy mukofot — Gran-prini qo‘lga kiritdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, ushbu xalqaro muvaffaqiyat davlat darajasida ham munosib e’tirof etildi. Prezident farmoni bilan film ijodkorlari — rejissyor va ssenarist Suhrob Qodirov hamda rejissyor Dilshodbek Usmonov “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi. Bu nafaqat ikki ijodkor mehnatiga berilgan baho, balki mamlakatimizda kino sohasiga qaratilayotgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasi sifatida baholanmoqda.
Bugun, 20-may kuni Toshkent xalqaro aeroportida xalqaro kinofestival g‘oliblarini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Aeroportdagi muhit odatiy kutib olish marosimidan ko‘ra ko‘proq katta yutuq bilan qaytgan jamoani qarshi olish lahzalarini eslatdi. Gullar, qutlovlar, fotokameralar chaqnashi va samimiy olqishlar — barchasi ijodkorlarga bo‘lgan hurmat ifodasiga aylandi.
Marosimda madaniyat va san’at sohasi vakillari, davlat tashkilotlari mutasaddilari, kino ixlosmandlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbir davomida Prezident farmoni asosida “Kelajak bunyodkori” medallari madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
“Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” filmining xalqaro muvaffaqiyati uning mavzusi bilan ham bog‘liq. Asarda Daun sindromi bilan tug‘ilgan Yusufning hayoti, uning orzulari va onasi Zilolaning farzandining jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun kurashi tasvirlangan. Film inson qadri, mehr, bag‘rikenglik va jamiyatdagi qabul qilish masalalarini o‘ziga xos badiiy ifoda orqali ochib beradi.
Film Kanndagi asosiy tanlov davrida bo‘lib o‘tgan “ENTRE DEUX CANNES” 17-xalqaro inklyuziv kinofestivalida ishtirok etdi. Mazkur festival imkoniyati cheklangan insonlar hayoti, inklyuziya va insonparvarlik g‘oyalarini yorituvchi filmlarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan xalqaro maydon hisoblanadi.
2026-yilgi kino mavsumi uchun yuzlab filmlar taqdim etilgan bo‘lsa-da, saralangan ishlar orasidan aynan o‘zbek ijodkorlarining filmi eng yuqori bahoga munosib deb topildi.
Bugungi muvaffaqiyatni faqat bir film yoki bir mukofot doirasida baholash qiyin. Chunki bu natija o‘zbek kinosining xalqaro sahnadagi yangi qadami, yosh ijodkorlarga berilgan ishonch va milliy kinoning dunyo maydonidagi imkoniyatlari yanada kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/CUYXgyw0F1A" title="Yosh o`zbek rejissyorlari xalqaro maydonga chiqmoqda " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, U.To‘xtayev, O‘zA