Yosh o‘qituvchi va olimlar kengashi tuzildi
Yoshlar markazida Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida Toshkent shahar Yosh o‘qituvchi va olimlar kengashining birinchi ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarning ilm-fanda o‘zini o‘zi boshqarish tizimini rivojlantirish orqali davlat va ilmiy tashkilotlar o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ularning ilmiy g‘oya va tashabbuslarini yuzaga chiqarish, shuningdek, qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda poytaxtimizdagi 300 dan ortiq maktablar, 50 dan ziyod professional ta’lim muassasalari, 90 dan ortiq oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yosh o‘qituvchilar, olimlar, tadqiqotchilar hamda tayanch doktorantlardan iborat 500 nafardan ziyod ilm egalari ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida ishtirokchilar tomonidan Yosh o‘qituvchi va olimlar kengashini tuzish to‘g‘risidagi taklif o‘rtaga tashlanib, yangi tuzilmani tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan Yosh o‘qituvchi va olimlar kengashi boshqaruvi raisi saylandi. Unga ko‘ra, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, yosh olim, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti katta o‘qituvchisi Shohrux Boymurodov kengash boshqaruvi raisi etib saylandi.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, vazifalari, o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi rivojlanish bosqichlari, sohaga oid maqsadli dasturlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish kabi masalalar muhokama etildi.

Yig‘ilish so‘ngida Yosh o‘qituvchi va olimlar kengashining 2025 yilga mo‘ljallangan ish reja va dastur loyihasi ko‘rib chiqildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA