“Hududgazta’minot” AJ tomonidan “Eng yaxshi ilmiy ishlanma” startap loyihalar tanlovi o‘tkazildi.
Unda taqdim etilgan 15 ta startap loyiha maxsus ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqildi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, mazkur tanlov yoshlarning ilmiy va innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, gaz ta’minoti tizimini takomillashtirish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan. Unda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh olimlar va muhandislarning takliflari amaliyotga joriy etilishi rejalashtirilgan.
G‘olib bo‘lgan startaplar asosida “Hududgazta’minot” AJning ayrim filiallarida pilot loyihalar ishga tushiriladi. Bu nafaqat ilmiy-tadqiqot ishlarining amaliyotga joriy etilishiga, balki gaz ta’minoti tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Bunday ilmiy tadbirlar iqtidorli yoshlarning izlanishlarini rag‘batlantirish, yangi g‘oyalarni rivojlantirish, sohada mavjud muammolarga ilmiy-texnik yechim topish va samaradorlikka erishishga yo‘naltirilgan.
Tanlov yakunida maxsus ekspertlar Qarshi shahridagi Iqtisodiyot va pedagogika universiteti hamda I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiali talabalari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar yuqori baholandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA