"Yosh muhandis" respublika tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Har bir bolaning qalbida iqtidor uchquni yashaydi. Ushbu iqtidorni yuzaga chiqarish, uni to‘g‘ri yo‘naltirib, rivojlantirishda ustozlarning o‘rni beqiyos. Bugungi kunda ana shunday bilimli, izlanishga chanqoq yoshlar turli sohalarda yuksak natijalarga erishmoqda. Ayniqsa, IT va texnologiyalar yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan yoshlarning tashabbuskorligi tahsinga loyiq.
Yosh avlodning texnologiyalar, muhandislik, robototexnika, innovatsiya va astronavtikaga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, ularning g‘oya va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yurtimizda turli ko‘rik-tanlov va xalqaro miqyosdagi tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Ana shunday muhim tashabbuslardan biri — Raqamli texnologiyalar vazirligi, "O‘zbekkosmos" agentligi hamda Uzum milliy raqamli ekotizimi hamkorligida o‘tkazilgan "Yosh muhandis" respublika tanlovi bo‘ldi.

Joriy yilning 25 fevral kuni start olgan mazkur tanlovda 12 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari va talabalar ishtirok etdi. 133 ta jamoa tomonidan jamiyatdagi turli ijtimoiy va maishiy muammolarga yechim taklif etuvchi 150 ga yaqin muhandislik ishlanmalari taqdim etildi.
Tanlovning saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan eng yaxshi 28 ta loyiha final bosqichiga yo‘l oldi. Yakuniy bosqich esa Raqamli texnologiyalar vazirligida bo‘lib o‘tdi va unda g‘oliblik uchun kuchli jamoalar o‘zaro bellashdi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, 1-, 2- va 3-o‘rin sohiblariga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Bundan tashqari, "Eng kreativ loyiha" nominatsiyasi g‘olibiga esa Yevropadagi eng yirik va dunyodagi TOP-5ga kiruvchi Guhem xalqaro kosmik markaziga sayohat uchun yo‘llanma taqdim etildi.

N.Rahmonova, O‘zA