Yosh maslahatchilar uchun mahorat darsi
Navoiy viloyati Zarafshon shahrida “Yuksalish” umummilliy harakati, YUNISEF, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida "Bolalar va yoshlar uchun do‘stona mahalliy boshqaruv” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida Zarafshon shahrida “Yosh maslahatchilar kengashi” tuzilib, Kengash a’zoligiga 8 nafar faol, maqsad sari intiluvchan, yangi bilimlarni o‘zlashtirishni, tajriba va malaka oshirishni istagan 16-24 yosh oralig‘idagi yoshlar saralab olindi. Kengash a’zolariga Zarafshon shahar hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan “Bolalar va yoshlar uchun 2023 yilga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi” taqdimoti o‘tkazildi.

YUNISEF mutaxassislari ko‘magida esa Harakatlar rejasi doirasida joylarda so‘rovnomalar o‘tkazish vositalari, bolalar va yoshlardan fikrlarni to‘plash usullari ishlab chiqildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya haqida interfaol, savol-javob tarzida axborot taqdim etildi.

Kunning ikkinchi yarmida YUNISEFning "U-Report" platformasi taqdimoti o‘tkazildi. bugungi kunda ushbu platformadan 30 dan ortiq davlat idoralari va jamoat tashkilotlari yoshlar bilan muloqot qilish uchun foydalanmoqda.
Tadbir yakunida rejalashtirilgan ishlarni yanada samarali tashkil etish, yoshlar va mahalliy hokimlik bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida joriy yilning dekabr oyida “Hokim va yoshlar” uchrashuvini o‘tkazish taklifi ilgari surildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA.