Yosh maqomchilar tanlov-festivali
Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi "Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida belgilangan topshiriqlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 noyabrdagi “Maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Yosh maqomchi” respublika tanlov-festivali o‘tkazildi.
Mamlakatimiz miqyosida ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan mazkur tanlov-festivalining taqdirlash va gala-konserti marosimi O‘zbekiston davlat konservatoriyasida bo‘lib o‘tdi.
Taqdirlash marosimida madaniyat vaziri o‘rinbosari O.Mirzayev ishtirok etib, g‘oliblarga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Tanlovda o‘quvchilar xonanda va sozandalik bo‘yicha 14ta nominatsiya bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyon etdi. Tanlov-festivalning hududiy saralash bosqichlari 2020 yilning dekabr oyida har bir tuman (shahar) hamda viloyatlarda o‘tkazildi. Tanlovning hududiy bosqichlarida 18 mingdan ortiq o‘quvchi qatnashdi.
Tanlov-festivalning yakuniy respublika bosqichida 107 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.Ularning mahoratini odilona baholash uchun maqom san’atining malakali mutaxassislari, O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston xalq hofizi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar jamoasidan iborat ishchi guruh jalb qilindi.
Hakamlar hay’atining qaroriga asosan 29 nafar o‘quvchi tanlovning sovrindori bo‘ldi. Bulardan 12 nafari birinchi o‘rinni, 9 nafari ikkinchi o‘rinni, 8 nafari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tanlov g‘oliblari maqom yo‘nalishi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablariga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilinadi.
O‘zA