“Yosh maqom ijrochilari” tanloviga start berildi
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” respublika ko‘rik tanlovining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, o‘zbek milliy musiqa san’atiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan mashhur sozandayu hofizlar, respublikaning turli nuqtalaridan tashrif buyurgan mehmonlar, tanlov ishtirokchilari va institut talabalari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda milliy san’atimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, ayniqsa maqom, baxshichilik kabi san’at turlarining rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida ko‘plab ijodiy loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

O‘zbek milliy mumtoz musiqasining eng sara namunalaridan tuzilgan mo‘’jaz konsert dasturidan so‘ng tanlov ishtirokchilari o‘rtasida qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
8 maygacha davom etadigan ushbu nufuzli tanlovda 20-35 yosh oralig‘idagi 100 nafardan ortiq maqom ijrochilari 9 ta yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblik uchun o‘zaro bellashadi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA