O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Yosh liderlar” dasturining bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori Jasur Salixov mazkur dasturning ahamiyati va kutilayotgan istiqbollari xususida gapirdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatning barcha sohalarida faol ishtirokini ta’minlash masalasi mamlakatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshirig‘iga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish milliy instituti bilan hamkorlikda “Yosh liderlar” qo‘shma ta’lim dasturi amalga oshirildi. Ushbu dastur yosh rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan.
“Yosh liderlar” o‘quv dasturi tinglovchilari Boshqaruv samaradorligi agentligining Milliy kadrlar zaxirasi tarkibidan tanlov asosida saralab olingan.
Jumladan, o‘quv reja-dasturi umumiy 3 oylik bo‘lib, quyidagi tartibda tashkil etildi:
6 hafta — Akademiyada nazariy bilimlarni o‘zlashtirish,
6 hafta — mustaqil ta’lim,
2 hafta — vazirlik va idoralardagi amaliy stajirovka,
2 hafta — Koreya Respublikasida xalqaro stajirovka.

Qo‘shma ta’lim dasturi mobaynida o‘zlashtirishda eng yuqori natija ko‘rsatgan 15 nafar faol tinglovchi hamda 1 nafar Akademiya professor-o‘qituvchisi Koreya Respublikasida bo‘lib, mazkur davlat boshqaruvi sohasiga oid bilim va ko‘nikmalar va ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirib qaytdi.
Dastur yakunida tinglovchilar tomonidan tayyorlangan loyiha ishlari amaldagi dolzarb muammolar yechimiga qaratildi hamda o‘quv jarayonida egallangan bilim va ko‘nikmalarni amaliyotda tatbiq etish imkoniyati yaratildi.
O‘quv kursini 26 nafar tinglovchi muvaffaqiyatli yakunladi. Bugungi kunda dastur bitiruvchilarining ko‘pchiligi davlat boshqaruvi sohasida samarali faoliyat yuritmoqda.
Mazkur dasturni tamomlagan tinglovchilar Milliy kadrlar zaxirasiga olinadi hamda kelajakda muhim boshqaruv lavozimiga tayinlanish imkoni ortadi.

Dasturning muhim jihatlaridan biri — har hafta yakunida tinglovchilar uchun vazirlik va idoralar rahbarlari, taniqli davlat arboblari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida motivatsion uchrashuv va seminarlarning tashkil etilishidir.
Mazkur dasturdan kutilayotgan natijalar shundan iboratki, davlat boshqaruvi tizimida rahbarlik lavozimlari uchun iqtidorli yosh kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.
Turli sohalarda faoliyat yurituvchi yosh mutaxassislarning davlat boshqaruvi sohasidagi malakasi oshiriladi. Ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga ilmiy yondashuv asosida yechim topa oladigan mutaxassislar soni ortishi ta’minlanadi.
Tadbir yakunida bitiruvchilarga diplom topshirildi. Ular dastur doirasida orttirilgan bilim va ko‘nikmalarni O‘zbekistonning mahalliy davlat boshqaruvi tizimiga joriy qilishda faol ishtirok etishlari kutilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA