Yosh kurashchilarimiz Osiyoni zabt etdi
Yurtimizda, xususan, Namangan zaminida azaldan polvonlar, jasur yigitlar, irodali qizlar voyaga yetgan. Viloyatda barcha sport turlari qatori erkin va yunon-rum kurashi turlariga ham alohiyada ahamiyat berilmoqda.
Yaqinda Vetnamning Da Nang shahrida sport kurashlari bo‘yicha o‘smirlar (“U-17”) o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatidan ajoyib xushxabar oldik.

Nufuzli musobaqada O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi yunon-rum va erkin kurash yo‘nalishlarida ishtirok etdi. Quvonarlisi, Namangan Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi erkin kurashchilari ham nimalarga qodir ekanliklarini ko‘rsatib, sovrinli o‘rinlarga ega bo‘ldi.
Xususan, 60 kilogramm vazn toifasida Bekzodbek Ibrohimov barcha raqiblaridan ishonchli tarzda ustun kelib, Osiyo chempioni unvoni va oltin medalni qo‘lga kiritdi. 45 kilogramm vaznda gilamga chiqqan Muhammad Rahimjonov finalgacha zafarli odimlab, qit’amiz birinchiligining kumush medali sohibiga aylandi.
Ushbu muvaffaqiyat, eng avvalo, yosh sportchilarning tinimsiz mehnati, murabbiylarining samarali faoliyati va yurtimizda sportga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasidir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA