Yosh konchi-metallurglar kombinat eʼtiborida
Soʻnggi yillarda kombinatda qator yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati nodir metallar ishlab chiqarish boʻyicha nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyodagi yirik korxonalardan biri hisoblanadi.
Soʻnggi yillarda kombinatda qator yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2017-yil 1-martdagi “Yoshlik I” koni negizida “Olmaliq KMK” AJning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq, yiliga 23 million tonna rudani qazib olish quvvatiga ega “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish investitsion loyihasi hayotga tatbiq etilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida 2023-yilga kelib kon maydonida 60 million tonna rudani qazib olish va qayta ishlash maqsadida yillik quvvati 60 million tonna rudani tashkil etuvchi 3-Mis boyitish fabrikasini bunyod etishga ham start berildi.
Muxtasar aytganda, 2017-2025-yillarda kombinat tomonidan affinajlangan oltin ishlab chiqarish yiliga 14,94 tonnadan 38 tonnagacha, katodli mis ishlab chiqarish 108 ming tonnadan 290 ming tonnagacha, kumush ishlab chiqarish 95,96 tonnadan 203 tonnagacha oshiriladi.

Mana shuning oʻziyoq kombinatda amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamining naqadar kengligidan dalolat beradi, albatta. Mazkur loyihalarni amalga oshirishda muhim bir jihat – malakali kadrlar masalasi ham dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Bu borada kombinat tomonidan konchilik sohasi boʻyicha puxta bilim va zamonaviy koʻnikmalarga ega yosh kadrlarni tayyorlash, yosh konchilarning bilim va malakasi oshirish, umuman olganda, kombinat tizimida mehnat qilayotgan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, kombinatda mehnat qilayotgan yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtidor va isteʼdodini yuzaga chiqarish, jamiyatdagi faolligini oshirish maqsadida 2017-yilda kombinat Yoshlar ittifoqi tuzildi. Kombinat tizimida Yoshlar ittifoqining 33 ta boshlangʻich tashkiloti tuzilib, boshlangʻich tashkilotlarning samarali ishlashini taʼminlash, yaʼni faqat yoshlar bilan ishlashiga sharoit yaratish maqsadida ularning 18 nafar yetakchisi asosiy ishidan ozod etildi.
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “OKMKda Yoshlar siyosati” mavzuida tashkil etilgan matbuot anjumanida kombinat tizimida mehnat qilayotgan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Milliy matbuot markazida boʻlib oʻtgan anjumanda kombinat masʼullari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, Ispaniya va Rossiyaning nufuzli oliygohlarda konchilik yoʻnalishi boʻyicha tahsil olayotgan oʻzbekistonlik bir guruh talabalar onlayn tarzda ishtirok etdi.
Maʼlumotlarga koʻra, kombinat tizimida mehnat qilayotgan 37 ming nafarga yaqin ishchi-xodimlarning qariyb 14 ming nafarini yoshlar tashkil etadi.
Qayd etilishicha, kombinatda yoshlarning intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish borasida “Yosh texnologlar” va “Yosh konchilar” Kengashi, konchilar, metallurglar, boyituvchilar, mexaniklar va energetiklar klublari tashkil etilgan boʻlib, samarali faoliyat yuritmoqda.
Yoshlarning kasbiy malakasini oshirish maqsadida kasb mahorati tanlovlari ham oʻtkazib kelinadi. Shuningdek, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishini koʻzda tutuvchi 40 ga yaqin jamoani birlashtirgan “Quvnoqlar va Zukkolar”, 40 dan ortiq jamoalar ishtirok etuvchi “Bilimdonlar maydoni (Zakovat) klubi“ hamda ”Eng yaxshi kitobxon" tanlovlari keng quloch yozgan.

Sportni ommalashtirish maqsadida “Yoshlar - kelajak bunyodkori” shiori ostida yengil atletika, yugurish, yurish marafonlari, velomarafon tashkil etilib, 3 mingdan ortiq yoshlar qamrab olingan. Shuningdek, har yili yoshlar oʻrtasida sportning 5 turi - voleybol, shashka, stol tennisi, suzish va futzal boʻyicha Yoshlar spartakiadasi oʻtkazilmoqda.
Kombinatda yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha ham salmoqli ishlar amalga oshirib kelinadi. Xususan, 137 nafar oliy taʼlim muassasalari va 500 nafar kollej bitiruvchilari bandligi taʼminlandi.
Bugungi kunda kombinat talabnomasiga muvofiq, MTTU MISiSning kunduzgi va sirtqi boʻlimlarida 13 mutaxassislik boʻyicha 112 nafar talaba hamda kombinat mablagʻlari hisobidan respublikamiz oliy taʼlim muassasalarida 6 ta mutaxassislik boʻyicha 316 nafar kombinat ishchi-xodimi tahsil olmoqda.