Poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Yosh kitobxon” tanlovining 2024-2025 yilgi mavsum g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda yoshlarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularda tanqidiy fikrlash va bilim olish istagini shakllantirish maqsadida “Yosh kitobxon” tanlovi muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Tanlov bosqichlari - badiiy asarlar bilimdoni, tezkor savol-javob, buyuk mutafakkir va adib, she’riyat va kvest kabi shartlarni o‘z ichiga oladi. Tanlov orqali yoshlar adabiyotni chuqur anglash, ijodiy fikrlash va nutq madaniyatini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Bu galgi “Yosh kitobxon” g‘oliblarining barchasi qizlar bo‘ldi. Bu esa qizlarga berilayotgan e’tibor, ularning bilimga chanqoqligi va kitobga bo‘lgan qiziqishi qanchalik ortganining belgisi.
Shunga ko‘ra, 10-14 yosh toifasida g‘oliblik Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani “Bo‘z” MFYdan Dilbarxon Haydarovaga nasib qildi.
15-19 yosh toifada 1-o‘ringa Toshkent shahar Uchtepa tumani “Ko‘kcha oqtepa” MFYdan O‘g‘iljayron Xaldurdiyeva sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, 20-30 yosh toifasida Xorazm viloyati Urganch shahar “Nurli hayot” MFYdan Maftuna Ochilova birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.
[gallery-22654]
Barcha g‘oliblarga Prezident sovg‘alari topshirildi.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev(surat), O‘zA