Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus doirasida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida an’anaviy tarzda “Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkazilib kelinmoqda.
Tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarning boy ma’naviy merosini, umumbashariy sivilizatsiya, madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash, yoshlarni o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdan iborat.
Nukus shahridagi Yoshlar markazida ushbu tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
[gallery-21591]
Ishtirokchilar “Badiiy asarlar bilimdoni” hamda “Tezkor savol-javob” shartlari bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyish etdi. Tanlov yakunida 10-14 yosh toifa bo‘yicha birinchi o‘rinni To‘rtko‘l tumani Beruniy mahallasidan Ozodbek Ro‘zimov, ikkinchi o‘rinni Amudaryo tumani Durman mahallasidan Charosxon Safarboyeva, uchinchi o‘rinni Qorao‘zak tumani “Madaniyat” ovul fuqarolar yig‘inidan Mapruza Qallibekova, 15-19 yosh toifa bo‘yicha birinchi o‘rinni Qo‘ng‘irot tumani Suo‘yenli mahallasidan Diana Tagabergenova, ikkinchi o‘rinni To‘rtko‘l tumani Nurota mahallasidan Umida Geldiyeva, uchinchi o‘rinni Amudaryo tumani Qangli mahallasidan Shahzoda Xudayarova egallagan bo‘lsa, 20-30 yosh toifa bo‘yicha Shumanay tumani Monshaqli mahallasidan Temirbek Sarsenbayev birinchi, Bo‘zatov tumani “Erkindaryo” ovul fuqarolar yig‘inidan Biybayim Joldasbayeva ikkinchi, Nukus tumani Baqanshaqli mahallasidan Aygerim Eldesova uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
– Berilgan barcha savollarga aniq javob berib birinchi o‘rinni egalladim, – deydi To‘rtko‘l tumanidagi 22-sonli umumta’lim maktabining 7 sinf o‘quvchisi Ozodbek Ro‘zimov. – Kelgusi bosqichga ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, g‘olib bo‘lishga harakat qilaman.
G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Sovrinli o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA