Andijonda “Yosh kitobxon” tanlovining respublika final bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Mamlakatimizda yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarning ma’naviyati, dunyoqarashi hamda intellektual salohiyatini yuksaltirish, tariximiz, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, kitobxonlik darajasi va madaniyatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan bir necha yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
[gallery-22490]
Mazkur tanlovning joriy yilgi respublika final bosqichi ayni kunlarda Andijon viloyati Marhamat tumanidagi Yoshlar kutubxonasida o‘tkazilmoqda.
Belgilangan 10-14, 15-19 hamda 20-30 yosh toifasida tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh kitobxonlar qatnashmoqda. Unda dastlab 10-14 yoshli ishtirokchilar beshta shart doirasida o‘zlarining kitobxonlik borasidagi bilim, mahorat va salohiyatlarini namoyish etmoqda.
Tanlovning birinchi kunida ushbu yosh toifasi ishtirokchilari “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Kvest”, “She’riyat” shartlari asosida o‘zaro bellashdi. Ishtirokchilarning chiqishlari nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Bugun ushbu yosh toifasida yana ikkita shart bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tadi va birinchi g‘olib nomi ma’lum bo‘ladi.
– Kitobxonlik borasidagi bilim va salohiyatimiz jiddiy sinovdan o‘tkazilyapti, – deydi tanlov ishtirokchilaridan biri, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi Samira Erkinova. – Men ham tanlovda munosib ishtirok etishga, g‘oliblar qatoridan joy olishga harakat qilaman.
Eslatib o‘tamiz, 31 martga qadar davom etadigan tanlovning respublika final bosqichi g‘oliblari Prezident sovg‘asi – elektromobil, shuningdek, ikkinchi o‘rin sohiblari 75 million, uchinchi o‘rin sohibiga 50 million, har bir ishtirokchi esa 10 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari