Prezidentimizning 2022 yil 20 yanvardagi “Zakovat intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Respublika Adliya vazirligi hamda uning hududiy boshqarmalari tomonidan bir qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, Namanganda bo‘lib o‘tgan “Huquqiy zakovat” intellektual o‘yini 1000 nafardan ortiq yoshni bir ezgu maqsad yo‘lida birlashtirdi, aqliy salohiyatni yuksaltirishga undadi. Shahar va tuman bosqichlarida birinchilikni qo‘lga kiritgan 14 ta jamoa viloyat bosqichida yana bir bor tafakkur sinovidan o‘tdi.

Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan bilimlar bahsida “Legenda”, “Dinamit”, “Norin”, “Tafakkur”, “Tamanno” jamoalari alohida faollik ko‘rsatdi. Mazkur tanlovda jami 24 ga yaqin savol o‘ynalib, ular ketma-ketlikda e’lon qilindi va har biri uchun bir daqiqadan vaqt ajratildi. E’tiborlisi, savollar qiziqarli, mantiqiy, huquqiy, aniq faktlarga asoslangan bo‘lib, komissiya tomonidan saralab olingan.

O‘z navbatida, ishtirokchilarga javob topish ham oson kechmadi. Jamoalar orasidan eng kuchlilari hakamlar hay’ati tomonidan qo‘yilgan adolatli baholar orqali aniqlandi.
Bellashuvda Chust tumani “Dinamit” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Norin tumani “Norin” jamoasi faxrli ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, to‘raqo‘rg‘onlik bilimdonlar kuchli uchlikdan joy oldi.

Shuningdek, “Eng ilg‘or jamoa”, “Eng namunali jamoa”, “Eng bilimli ishtirokchi” nominatsiyasi bo‘yicha ham munosiblar aniqlandi. “Huquqiy zakovat” intellektual o‘yinining g‘olib-sovrindor jamoalari va faol ishtirokchilar Namangan viloyati adliya boshqarmasining diplom, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.