O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida "Mening birinchi kitobim" loyihasi doirasida 9 nafar yosh qalamkashning ilk kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid yosh iste’dodlarning dastlabki kitoblari nashr etilishi mamlakatimizda ulg‘ayib kelayotgan avlodga ko‘rsatilayotgan cheksiz mehr va g‘amxo‘rlikning amaldagi yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi.
–Bizning birinchi kitoblar 1985 yili katta mashaqqatlar bilan nashr etilgan edi, – dedi Sirojiddin Sayyid. – Kitob “Ruhim xaritasi” nomi bilan chop etilgan. Nashr qog‘ozining sifati ham hozirgisidan keskin farqlanardi. Sho‘rolar davrida oppoq, sifatli qog‘ozlarda kitoblarning nashr etilishi uchun Moskvadan sobiq ittifoq Yozuvchilar uyushmasidan ruxsat olish kerak edi. Demoqchimanki, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva kabi ustoz qalamkashlarning ijod qilishi oson kechmagan. Albatta, birgina kitob bilan Zulfiyaxonimdek shoira bo‘lib ketish mumkin emas. Yoshlarimiz bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yaratib berilayotgan keng imkoniyatlarning qadriga yetib, tinimsiz o‘qib, izlanib, ijod qilishlarini juda istardim.
Anjumanda bugungi kunda milliy adabiyotimizda ijod qilayotgan yoshlar uchun imkoniyatlar eshigi keng ochilgani alohida e’tirof etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 1 apreldagi “Ijod maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining tegishli bandida ijod maktablari o‘quvchilarining ijodiy ishlarini doimiy chop etish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan.
Mazkur taqdimot anjumani esa ana shu vazifalar ijrosini ta’minlashga bag‘ishlandi. Unda ijod maktablari o‘quvchilarining ijodiy ishlarini doimiy chop etish tizimini yo‘lga qo‘yish va yosh ijodkorlarni kashf etishga e’tibor qaratildi. Ustoz adiblarimiz nomi bilan ataluvchi ijod maktablarida tahsil olayotgan iste’dodli o‘quvchilarning she’rlari Yozuvchilar uyushmasi tomonidan "Mening birinchi kitobim" loyihasida chop etildi.
Ularning har biri “Adabiyot” nashriyotida 500 nusxadan nashr qilindi. Mazkur jarayonga Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid badiiy rahbar, Botirjon Ergashev mas’ul muharrirlik qilgan.
Ma’lumki, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminarida 2024 yildan boshlab mamlakatimizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan ijod maktablari o‘quvchilari ham ishtirok etmoqda. Atoqli adiblar nomi bilan atalib, ta’lim jarayonida tilimiz va milliy adabiyotimizni chuqur o‘rganish, badiiy ijodga ahamiyat berilayotgan ushbu o‘quv dargohlarida ijod bilan shug‘ullanayotgan ko‘plab yoshlar yetishib chiqmoqda.
Ijod maktablarining eng iste’dodli o‘quvchilari ijodi kitob holida chop qilindi va taqdimotda ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Xususan, Nigina Rustamboyevaning "Baxt gullari", Gulsevar Umrzoqovaning “Yomg‘ir”, Zulhayo Mingboyevaning “Istak”, Nurdana Biysenbayevaning "Qo‘shiq ham gurrinler", Rohila Ro‘zimannopovaning "Barglar nidosi", Mohira Diniqulovaning "Yurakka maktub", Marjona Eshqulovaning “Iftixor”, Odina Rustamjonovaning “Orzularim”, Muxlisaxon Haydarovaning "Moviy orzular" kabi kitobi shular jumlasidan.
Ushbu kitoblar asosan nazm janrida bo‘lib, Erkinjon Hojimurodov, Xulkar Sherzodova, Ma’mura Zohidova, Zulfiya Satbayeva, Iroda Rahmonaliyeva nashrga tayyorlagan.
–Kitobim nashr etilganidan juda xursandman, – dedi Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabining 9-sinf o‘quvchisi Rohila Ro‘zimannopova. – Buning uchun barcha ustozlarga rahmat aytaman. “Barglar nidosi” deb nomlangan ushbu kitobchadan Vatan, ona, tabiatga bag‘ishlangan she’rlar o‘rin olgan.
Tadbirda mualliflarga ilk kitoblari topshirildi. Shu bilan birga, o‘zbek va jahon adiblarining eng sara asarlaridan iborat kitoblar to‘plami yosh ijodkorlarga tuhfa etildi. Adabiy anjuman yakunida musiqiy dastur namoyish etildi.
Nazokat Usmonova,
Ahmadjon Ergashev(surat),
O‘zA