Yosh harbiylar “Quvnoqlar va zukkolar”tanlovida bellashdi
FOTOREPORTAJ
“Yosh harbiylar forumi” doirasida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati kengashi tashabbusi bilan viloyatdagi kuch tuzilmalarida xizmat qilayotgan yosh harbiy xizmatchilar ishtirokida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tanlovda jamoalar to‘rtta shart bo‘yicha bellashib, hazil-mutoyiba, topqirlik, zukkolik va sahna madaniyati sohasidagi mahoratini namoyish etdi. Ishtirokchilar tayyorlagan chiqishlar tomoshabinlarga xush kayfiyat bag‘ishlab, harbiy jamoalarning ijodiy salohiyatini ham yaqqol namoyon qildi.
[gallery-30594]
Hakamlar hay’ati baholariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari jamoasi egalladi. Ikkinchi o‘rin Janubiy operativ qo‘mondonlik tasarrufidagi harbiy qism jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati boshqarmasi jamoasiga nasib etdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ko‘rik-tanlov yosh harbiy xizmatchilarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash va ularning mazmunli hordiq chiqarishiga xizmat qildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA