Yosh gimnastlar mahorati sinovdan o‘tdi
Sirdaryo viloyatida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida tashkil etilgan “Gimnastikaga ilk qadam” festivalining viloyat bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi. Sport bayramiga aylangan tadbirda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan saralangan iqtidorli tarbiyalanuvchilar o‘z mahorati, intilishi va gimnastikaga bo‘lgan qiziqishlarini namoyon etishdi.
Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan festival maktabgacha yoshdagi bolalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportga qiziqishlarini oshirish, gimnastika orqali ularning chaqqonligi, epchilligi, muvozanatni saqlash qobiliyati hamda jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar gimnastika mashqlarini ishonch va mahorat bilan bajarib, muntazam mashg‘ulotlar samarasini namoyish etdi. Hakamlar hay’ati chiqishlarni texnik ijro, harakatlarning aniqligi, badiiy ifoda va umumiy tayyorgarlik darajasi asosida baholadi.
[gallery-30250]
Festival yakunlariga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Sirdaryo tumanidagi 1-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Islom Kamolov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Qiz bolalar bahslarida esa Shahrizoda Shahriddinova g‘olib deb topildi.
G‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, birinchi o‘rin sohiblari festivalning respublika bosqichida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA