Yosh futbolchilarimizning ilk g‘alabasi
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Myanmada futbol bo‘yicha o‘n to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatining guruh bahslarini g‘alaba bilan boshladi.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Myanmada futbol bo‘yicha o‘n to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatining guruh bahslarini g‘alaba bilan boshladi.
Qit’amizning 16 davlati terma jamoalari qatnashayotgan nufuzli musobaqada Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi “V” guruhida Indoneziya, Birlashgan Arab Amirliklari va Avstraliya terma jamoalari bilan kuch sinashadi.
Yangon shahridagi stadionda yosh futbolchilarimiz guruhdagi dastlabki uchrashuvni indoneziyalik tengdoshlariga qarshi o‘tkazdi. Hujumkor o‘yin ko‘rsatgan yoshlarimiz 18-daqiqada Dostonbek Hamdamovning goli evaziga hisobni ochgan bo‘lsa, oradan to‘rt daqiqa o‘tib Zabihullo O‘rinboyev raqib darvozasini yana ishg‘ol qildi. Indoneziyalik futbolchi Paulo Oktavianus Sitanggangning 58-daqiqada uzoqdan yo‘llagan aniq zarbasidan so‘ng o‘yindagi hisob qisqardi. Ammo uchrashuv yakunlanishiga uch daqiqa qolganda Otabek Shukurov terma jamoamizning uchinchi goliga mualliflik qildi.
Shu tariqa yoshlar terma jamoamiz dastlabki uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Mazkur chempionatda o‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi ham ishtirok etmoqda. R.Ermatov dastlabki bosqichda “D” guruhidan joy olgan Iroq va Ummon yoshlar terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni boshqardi.