Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11-12 iyul kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Qahramoni Lola Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabiga tashrif buyurgan edi.
Mazkur tashrifdan so‘ng O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan Farg‘ona shahrining “Yangi O‘zbekiston” massivida tashkil etilgan ushbu ixtisoslashgan kasb-hunar maktabida “Yosh fermerlar – jamiyat tayanchi” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida yoshlar, yosh fermerlar, tadbirkorlar va aholining keng vakillari ishtirokida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, Prezidentimiz tomonidan “Inson qadri uchun” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ilgari surilgan bir qator tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, Davlatimiz rahbarining Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida berilgan topshiriqlar ijrosi hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslar yuzasidan ma’lumot berildi.
[gallery-18426]
– Ushbu uchrashuvda aholi va yoshlar vakillariga partiyamiz tomonidan 2020-2024 yillar davomida olib borilgan saylovoldi dasturi ijrosi, yurtdoshlarimiz hayotida sezilarli iz qoldirgan ezgu tashabbuslar, yangi loyiha va takliflar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi. Aytish kerakki, bugun yurtimizda yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy va ruhiy ko‘makka muhtoj fuqarolar uchun ko‘plab imtiyozlar, qulayliklar yaratilmoqda. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanish, zamonaviy bilimlarni egallash, o‘z kasb-hunari bilan yurtimiz rivojiga hissa qo‘shish har bir yoshning maqsadiga aylanishi tarafdorimiz, – deydi O‘zLiDeP Markaziy apparati Siyosiy Kengashi bo‘lim boshlig‘i, Yoshlar parlamenti raisining o‘rinbosari Otabek Sobitov. – Bu borada mazkur kasb-hunar maktabi bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Ushbu ta’lim dargohi bitiruvchilarining keyingi ish faoliyatida yaqindan ko‘maklashish, partiyamiz dasturiga muvofiq, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligiga ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etishni rejalashtirganmiz.
Tadbir yakunida kasb-hunar maktabida o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoit, ta’lim dasturlarining o‘ziga xosligi, innovatsion yondashuvlar xususida ma’lumot berildi, kichik sayohat tashkil etildi.
– Farg‘onamiz faxri bo‘lgan Lola Murotovaga havas qilamiz. Inson qaysi sohada bo‘lsayam, yurakdan ish olib borsa, fidoyilik ko‘rsatsa, albatta, ulkan natijalarga erishishini shu inson timsolida ko‘ramiz. Men ham ushbu kasb-hunar maktabida tahsil olib, kelajakda agrobiznes yo‘nalishida o‘z loyihalarimni hayotga tatbiq etmoqchiman, – deydi Nozima Mo‘ydinova. – Bugungi uchrashuvdan o‘zimga katta motivatsiya oldim. Siyosiy jarayonlarda yoshlarning faollik ko‘rsatishi mamlakat rivoji va taraqqiyotiga zamin yaratadi. Bunda partiyalar, ularning boshlang‘ich tashkilotlari bizga yaqin ko‘makdosh bo‘lishiga ishonaman.
Ma’lumot uchun, mazkur kasb-hunar maktabi 480 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda boshlang‘ich professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlanadi. O‘ttizdan ortiq auditoriyalar, yettita laboratoriya, kompyuter xonalari, faollar zali va muzey, shuningdek, 150 o‘rinli yotoqxona, sport zali, mini-futbol maydonchasi, ustaxona, issiqxona va mashg‘ulotlar uchun avtodrom o‘quvchilar ixtiyorida bo‘ladi. Muassasaga umumta’lim maktablarining 9-sinfini bitirganlar o‘qishga qabul qilinadi. O‘quv jarayoni boshlang‘ich professional ta’lim dasturlari asosida, amaliyot bilan bog‘liq holda olib boriladi.
Maktabda “Germaniya tajribasi” asosida o‘quvchilarni qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish joriy etiladi. Ta’lim jarayonini sifatli tashkil etish, metodik yordam ko‘rsatish uchun mazkur maktabga Farg‘ona davlat universiteti biriktirildi. Shuningdek, muassasada “Fermerlar maktabi”ni ham tashkil etish ko‘zda tutilgan. Unda buyurtmachilar mablag‘lari hisobidan fermerlar malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov(surat),O‘zA