Yosh dehqonlar dalalarida hosil yig‘ilmoqda
Qaror va ijro
Prezidentimizning 2024 yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Toshkent viloyatida joriy yilda 15 ta tumanda 10 ming 847 nafar yoshning har biriga 30 sotixdan 50 sotixgacha yer maydonlari ajratilgan edi.
– Menga 30 sotix yer maydoni berilgandi, – deydi Ohangaron tumani Qiziloy mahallasida yashovchi Abduvoid Abduhalilov. – Mavsum boshida yeryong‘oq ekdik. Yetishtirilgan hosildan 20 million so‘m sof daromad olish mo‘ljalimiz bor. Bu mustaqil ravishda boshlagan birinchi dehqonchilik ishim. Kelgusi yil uchun puxta rejalarim bor. Buning uchun sarmoya ham yetarli.
Mazkur mahallaning yoshlar yetakchisi Diyorbek Rahmatullayevning aytishicha, hududda yoshlar bilan individual ishlash tizimini joriy etish uchun 14-30 yoshdagi 856 nafar yoshning faoliyati tahlil qilindi. Ular uch toifaga ajratilib, tarbiyasi og‘ir va alohida ishlash zarur bo‘lgan yoshlar turli darajadagi tashkilot-muassasalar rahbarlariga biriktirildi. Natijada yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan 15 nafar o‘g‘il-qizning barchasiga amaliy ko‘mak berildi. O‘tgan yil ham 42 nafar yoshga sabzavotchilik va chorvachilik uchun yer maydonlari ajratilgan edi.

– Mahallalardagi yoshlar takliflarini qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy yordam ko‘rsatish borasida muntazam ishlar qilinmoqda, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov – Ayniqsa, dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarning qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida bandligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Joriy yil boshidan buyon suvli joylardan 5 ming gektarga yaqin yer maydonlari ajratildi. Yosh dehqonlar “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida sabzavot, dukkakli va poliz mahsulotlari yetishtirmoqda. Yo‘lingiz Bo‘ka tumanining Achamayli Fayz-baraka mahallasiga tushsa, ko‘plab xonadon tomorqalarida va keng dalalarda hosil yig‘ish ishlari davom etayotganiga guvoh bo‘lasiz.
– Bizga erta bahorda “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali serunum dalalardan yer maydonlari ajratib berilgan edi, – deydi Bo‘ka tumani Achamayli Fayz-baraka mahallasida yashovchi Hasan Qurolboyev. – Yeryong‘oq ekkanmiz. Yerga urug‘ qadaganimizdan boshlab hozirgacha tajribali dehqonlardan maslahat oldik. Ukam Husan bilan 40 million so‘m atrofida daromad olishni rejalashtirganmiz.
Toshkent viloyati yoshlari boshqa yo‘nalishlarda ham belni mahkam bog‘lab oilaviy daromadga hissa qo‘shishga astoydil intilmoqda. Ularning ayrimlari xonadonida mebelchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, ba’zilari tadbirkorlik orqasidan tengdoshlarini ham ish bilan ta’minlamoqda.
A.Musayev, O‘zA muxbiri