Farg‘ona viloyatida IT yo‘nalishida ko‘rsatilgan xizmatlardan tushgan eksport hajmi 322 ming dollarni tashkil qildi. 50 dan ortiq IT korxonalari faoliyat ko‘rsatayotgan viloyatda joriy yilda eksport hajmini 700 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2020 yilda Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan Raqamli texnologiyalar markazi tomonidan ham istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Yoshlar yangi ishlanmalari bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgani quvonarlidir.

Yosh dasturchi Ilhomjon Boltaboyev Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali sirtqi bo‘lim talabasi bo‘lishi barobarida markazda startap ekotizimini rivojlantirish hamda “Bir million dasturchi” loyihasi asosida yoshlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berib kelmoqda.

–Qishloqda tug‘ilib o‘sganim bois ko‘pchilik qanday qilib, IT sohasiga kirib kelganim bilan qiziqadi, –deydi yosh dasturchi. – Sohaga bo‘lgan qiziqishim maktab davridan boshlangan. O‘sha kezlarda qishlog‘imizda internet, kompyuter texnologiyalari orzu-havasdan boshqa narsa emas edi. Shu bois, imkon qadar maktabdagi kompyuterlardan foydalanishga harakat qilganman. Informatika ustozlarim maslahati, qo‘llab-quvvatlashlari bilan umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan eng yaxshi dasturiy ishlanmalar tanlovida ishtirok etganman. G‘olib bo‘lmagan bo‘lsamda o‘zimga bo‘lgan ishonch ortgan, izlanish, intilishga undagan. 2015 yil Marg‘ilon akademik litseyida o‘qishni boshlaganman. Uyimiz uzoq bo‘lgani uchun yotoqxonada turib o‘qirdim. Bu yerda ham axborot texnologiya sohasida izlanishlarni kanda qilmadim. 2016 yil Marg‘ilonda bo‘lib o‘tgan “Yurt kelajagi” iqtidorli yoshlar respublika tanlovining shahar bosqichida “Veb ishlanmalar” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldim. Bundan ruhlangan dadam noutbuk sovg‘a qilgan. Yaqinlarim axborot texnologiyalaridan ko‘ra, ko‘proq aniq fanlarga yo‘nalishimni istashgan. Ammo raqamli texnologiyalar sohasiga bo‘lgan qizish hamma narsadan ustun kelgan.

Dastlabki yilda oliy ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kira olmagan Ilxomjon avvaliga chetga chiqishni ko‘zlab, IT yo‘nalishida ingliz tilini o‘rganishga kirishdi. O‘quv kursi davomida o‘zi ta’lim olayotgan o‘quv markazida qog‘ozbozlik bilan bog‘liq holatlarga barham berish yo‘nalishida mustaqil dastur tayyorladi. Ilk dastur o‘quv markazi ish faoliyatida iqtisodiy samara berdi, mehnatiga yarasha rag‘bat ham ko‘rdi. Toshkent axborot texnologiyalari univesiteti Farg‘ona filialiga o‘qishga kirdi. Kunlarning birida o‘zi taxsil olayotgan oliy ta’limga dasturchi kerakligi to‘g‘risidagi e’longa ko‘zi tushdi. Ustozlar bilan bog‘lanib, belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, ishga qabul qilindi. 2020 yilda Raqamli texnologiyalar markaziga ishga o‘tdi. Raqamlashtirish loyihalari menejeri. Uning jamoasi tomonidan Yozyovon tumanida “Baliqchilik maydonlari va ulardan foydalanish” elektron tizimi, “Bitiruvchi” namunaviy elektron tizimi va Bag‘dod tumani qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish statistikasi axborot tizimining loyihalari ishlab chiqildi. Bundan tashqari, “Bo‘lajak olim” startap loyihalar tanlovida “Tibbiy yordamchi” donorlik loyihasi uchun 171 million so‘m moliyalashtirish mablag‘larini qo‘lga kiritdi.

–Bu yerda IT sohasida o‘ziga xos raqamli texnologik loyiha va dasturlar yaratgan iqtidorli yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi, – deydi Raqamli texnologiyalar markazi direktori Bahromjon Jalilov. – Texnopark binosi bir vaqtning o‘zida 120 dan ortiq ish o‘riniga mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda 30 nafarga yaqin markaz xodimlari, 50 nafardan ortiq frilanserlar hamda 50 nafar viloyatdagi IT korxonalari bir jamoa bo‘lib faoliyat yuritib kelmoqda. Korxonalarga o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun zarur infratuzilma, shu jumladan, zamonaviy laboratoriyalar, kovorking markaz hamda ofis maydonlari taqdim etilib, ularga raqamli texnologiyalar, marketing, raqamlashtirish va boshqa konsalting xizmatlari ko‘rsatib kelmoqda. Markazda tashkil etilgan o‘quv kurslari qatoriga “Bir million o‘zbek dasturchilari”, robototexnika, raqamli texnologiyalar savodxonligi, kibersport, dasturlash tillari, veb dasturlash, SMM, grafika va videomontaj, android ilovalar yaratish va biznes maktab kurslari kiradi.
Bitiruvchilar va mutaxassis yoshlar joylarda o‘z frilanserlik faoliyatlarini boshlab, viloyatning IT korxonalar hamda rezidentlar sonini ortishiga xizmat qilmoqda. Markaz bitiruvchilari tomonidan asos solingan Codial, Edu Master, Ali Dizayn, Zed academy, Westen, Hashteg, Hachathon, IT Community kabi zamonaviy kasblarga o‘qitish markazlari hamda SoftLab, Muhandisona korxonalarni olishi mumkin.
Markaz kashfiyotlari bo‘lgan YouTube platformasida o‘z blogini yuritib shu orqali daromad qilib kelayotgan frilanser Jahongirmirzo Ibrohimovning video blogida 195 mingdan ortiq obunachilar mavjud. Asosan 3D modellarini yasash va 3D printerlar orqali foydali buyumlarni tayyorlash haqidagi ingliz tilidagi kontentlar tayyorlanib, blogida joylab boradi. Markaz qaldirg‘ochlaridan yana bir nechtasi shahar va tumanlarda o‘z frilanserlik faoliyatini boshlagan. Izzatillo Rasuljonov, Abdulloh Sattoraliyev, Muhammadmubin Bahodirovlar yosh bo‘lishlariga qaramasdan Rossiya, Ukraina, Belarus va boshqa davlatlardan buyurtmalar olib, frilanserlik faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.
“Bir million o‘zbek dasturchilari” dasturi bo‘yicha 5 ming nafardan ortiq yoshlar ro‘yxatdan o‘tib, 1 ming nafari xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
M.Sulaymonov,
O‘zA