“Yosh chegarachilar” musobaqasining final bosqichi start oldi
Milliy armiyamizning qudrati va salohiyatini yuksaltirish yo‘lida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. DXX Chegara qo‘shinlari tomonidan ham yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ongiga ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini singdirish, komil inson etib voyaga yetkazish, shuningdek, harbiy xizmatga qiziqtirish maqsadida turli tadbir va musobaqalar o‘tkazib kelinmoqda. An’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Yosh chegarachilar” musobaqasi fikrimiz isboti bo‘la oladi.
Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti dala maydonida mazkur musobaqaning joriy yilgi final bosqichiga start berildi. Uch kun davom etadigan musobaqalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan tashrif buyurgan jami 13 ta jamoa g‘oliblik uchun bahslarni boshladi.
DXX Chegara qo‘shinlari Namunali-harbiy orkestri sadolari ostida start olgan musobaqaning dastlabki kunida ishtirokchi jamoalar “Safda shahdam qadam tashlab o‘tish va qo‘shiq aytish”, “Maxsus kiyimlar ko‘rigi”, “Albom va vimpellar ko‘rigi”, “Bilimlar sinovi”, “AKM avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish”, “100 va 1000 metrga yugurish” kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi. Musobaqalar davomida DXX Chegara qo‘shinlari faxriylari bilan “Avlodlar uchrashuvi” shiori ostida davra suhbati o‘tkazildi.
[gallery-7181]
O‘zA