«Yosh chegarachilar» musobaqasi davom etmoqda
Toshkent viloyatining Toshkent tumanida o‘tkazilayotgan «Yosh chegarachilar» musobaqasining final bosqichi qizg‘in davom etayotgani haqida xabar bergan edik.
Bugun musobaqalar davom ettirildi. Dastlab jamoalar azimut bo‘yicha harakatlanish shartida bahslashdi. Vazifa – kompas yordamida berilgan azimut va masofa bo‘yicha nazorat nuqtasiga chiqish, ma’lumotlar solingan tubusni topib, undagi keyingi nuqtaga harakatlanish uchun ko‘rsatilgan ma’lumotlarni marshrut varaqasiga yozib olishdan iborat edi. Jamoalar bu shartni a’lo darajada bajardi.


Shundan so‘ng granata uloqtirish shartiga start berildi. Merganlikni rivojlantirish maqsadida tashkil qilingan bu shart talabiga ko‘ra, qatnashchilar eniga 10 metr va ichkariga 5 metr o‘lchamdagi belgilangan ob’ektga o‘rnatilgan tik holdagi figuraga qarata bir marotabadan o‘quv granatasini uloqtirishdi.
Keyin esa ishtirokchilar gazniqoblarni belgilangan tartibda kiyib, «zaharlangan» hududdan o‘tish shartini bajarishdi.


Bundan tashqari qatnashchilar to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, tibbiy yordam ko‘rsatish, o‘q-dorilarni tashish, avtomat va pistoletdan o‘q otish, Kalashnikov avtomatining maketi ko‘rigi kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro bahslashishdi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari ertaga ma’lum bo‘ladi.
O‘zA