Yosh charm qo‘lqop ustalari saralandi
Bekobod shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida olimpiya zaxiralari kollejlarida tahsil olayotgan bokschi yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Bekobod shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida olimpiya zaxiralari kollejlarida tahsil olayotgan bokschi yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda mamlakatimiz boks federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada 120 nafarga yaqin yosh bokschi 11 vazn toifasida bellashdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Sport maktablari, olimpiya zaxiralari kollejlarida iqtidorli sportchilar tayyorlanmoqda.
Musobaqada andijonlik Hasan Latiboxunov, Kamron Eshmatov, Iqbol Xoldorov, Ulug‘bek Sobirov, farg‘onalik Obidjon Tohirov, qashqadaryolik Javohir Karimov, Toshkent viloyati vakili Beksulton Ravshanov, surxondaryolik Sanjar Tursunov, navoiylik Doston O‘runov, buxorolik Sulton Latipov va jizzaxlik Asror Eliboyev o‘z vazn toifalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
– Boks bilan besh yildan buyon shug‘ullanaman, – deydi O‘zbekiston chempioni Obidjon Tohirov. – Bahslar keskin kurash ostida o‘tdi. Chempionatda g‘olib bo‘lganimdan xursandman. Maqsadim joriy yilgi jahon va Osiyo chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 2016-yili Braziliyada bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritish.
Ushbu musobaqa yoshlar o‘rtasida boksni yanada ommalashtirish, yosh bokschilarning mahorati va tajribasini oshirish, terma jamoamiz safini iqtidorli charm qo‘lqop ustalari bilan boyitishda muhim omil bo‘ldi.