Yosh bokschilarimiz jahon chempionatini muvaffaqiyatli boshladi
Chernogoriyaning Budva shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha U19 yosh toifasidagi jahon chempionatida 69 mamlakatdan 474 nafar charm qo‘lqop ustalari g‘oliblik da’vosida o‘zaro raqobatlashmoqda.
Mazkur chempionatning ilk kungi dasturida ikki nafar vakilimiz ringga ko‘tarildi. Dastlab, -60 kg. vazn toifasida Sevara Mamatova Yangi Zelandiya vakili Bruk Millerga qarshi ringga chiqdi. Jangda to‘liq ustunlikka erishgan bokschimiz 5:0 hisobida raqibidan ustun keldi.
Shuningdek, +90 kg. vazn toifasida Islom Salihov kosovalik Luan Rahmaniga qarshi jang o‘tkazdi. Charm qo‘lqop ustamizning aniq va kuchli zarbalari natijasida raqib bokschi birinchi raundda texnik nokautga uchradi va Islom bellashuv g‘olibiga aylandi.
Bugun, 17-oktabr kuni Chernogoriyaning Budva shahrida boks bo‘yicha U19 jahon chempionati doirasida O‘zbekiston terma jamoasining besh nafar vakili ringga ko‘tariladi.
Qizlar:
54 kg: Shodiyona Meliqo‘ziyeva — Joyshri Devi Chirom (Hindiston).
65 kg: Aselya To‘legenova — Bennielis Peres (Venesuela).
Yigitlar:
65 kg: Jahongir Zayniddinov — Bag‘dan Shashlikov (Belarus).
70 kg: Zulfiqor Adhamjonov — Akaki Basariya (Gruziya).
90 kg: Asadbek Sultonboyev — Norman Simmons (Panama).
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA