Yosh belbog‘li kurashchilarimiz jahon chempionatida 36 ta medalga ega chiqdi
Rossiya Federatsiyasining Qozon shahridagi “Tulpor” sport majmuasida belbog‘li kurash bo‘yicha 2005-2007 yillarda tavallud topgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar 36 ta medallar shodasiga ega chiqdi.
20 ta mamlakatning 200 nafardan ziyod mahoratli kurashchi yoshlari ishtirok etgan chempionatda 22 ta medallar jamlanmasi uchun bellashuvlar o‘tkazildi.


Mazkur jahon chempionatida vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari erkin va klassik yo‘nalishlarda 6 ta oltin, 6 ta kumush va 24 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi.
Yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Jasurbek Nishonboyev (57), Arofatxon Muhammadova (48), Shahlo Kalmuratova (52), Sevara Shajenova (66), Akbarjon Sobirov (57) hamda Baxtiyor Sanginovlar (+100) barcha raqiblarini yengib, oltin medallarni qo‘lga kiritishdi. G‘oliblarimiz sharafiga bayrog‘imiz baland hilpirab, madhiyamiz baralla yangradi.


Nufuzli musobaqaning shiddatli bellashuvlarini Mironshoh Ro‘ziyev, Elmurod Abdullayev, Ne’matillo To‘ychiyev, Abduqahhor Egamov va Sergey Txak kabi hakamlarimiz boshqarib borishdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA