Yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash tizimi takomillashtiriladi
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Yosh avlodni milliy tarbiya va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.
Qo‘mita raisi Odiljon Mamatkarimov boshqargan majlisda yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash tizimini takomillashtirish, Milliy tarbiya modeli dasturi loyihasini tasdiqlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasida ta’lim oluvchilarning yoshi va rivojlanish xususiyatlaridan kelib chiqib, tarbiya jarayonini qanday amalga oshirish mexanizmlari o‘z aksini topadi.
Loyihada Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va o‘zlikni anglash, halollik, mas’uliyat, intizom, mehnatsevarlik, vaqtni qadrlash, oilaparvarlik, bag‘rikenglik, kitobxonlik, ilmga qiziqish, tabiat va jamoat mulkiga ehtiyotkorlik, mustaqil fikrlash tarbiya tizimining qadriyatlari bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Ta’lim va ilm fan vazirligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar vakillarining milliy tarbiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida bildirilgan takliflar asosida yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash tizimini takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA