Yosh atletlar tayyorgarligi — e’tibor markazida
Buxoroda yosh yengil atletikachilarni qo‘llab-quvvatlash va ularni 2028-yilgi Los-Anjeles Olimpiya o‘yinlariga tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Buxoro viloyatida yengil atletika bilan shug‘ullanayotgan yoshlarning sport mahoratini oshirish, iqtidorli atletlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni xalqaro musobaqalarga tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Bojxona qo‘mitasi va Yengil atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Otabek Choriyev hamda viloyat bojxona boshqarmasi mas’ullari O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining Buxoro viloyati bo‘limi faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuvda hududda sportning ushbu turini ommalashtirish, yoshlarning mashg‘ulotlar bilan muntazam shug‘ullanishi uchun mavjud imkoniyatlar va ularni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi deya xabar bermoqda O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Buxoro viloyatidagi sport ta’limi muassasalarida 1 ming 499 nafar yosh yengil atletika bilan shug‘ullanmoqda. Ularning 487 nafari qizlardan iborat. Sportchilarning tayyorgarlik jarayoniga 68 nafar murabbiy jalb etilgan bo‘lib, mashg‘ulotlar 159 ta guruhda tashkil etilgan.

Muloqotda sportchilarning mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish va yuqori natijalarga erishish uchun tayyorgarlik tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2028-yilda Los-Anjeles shahrida o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, yengil atletikaning sakkizta yo‘nalishi bo‘yicha saralangan sportchilar bilan ishlash hamda ularning ehtiyojlarini o‘rganish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida yosh atletlarning takliflari tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash va mashg‘ulotlar sifatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, iqtidorli sportchilarni erta aniqlash, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish va xalqaro musobaqalarga maqsadli tayyorlash kelgusidagi natijalar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA