G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkentdagi filiali yana bir bor bilimga chanqoq yoshlarni o‘ziga jalb qildi. Bu yerda bo‘lib o‘tgan Ochiq eshiklar kuni va Karera kuni doirasida ushbu ta’lim dargohi katta hayotga tayyorgarlik ko‘rayotgan maktab bitiruvchilari, bo‘lajak abituriyentlar va bitiruvchi kurs talabalari uchun o‘z eshiklarini ochdi.
Tadbirning ilk muhim voqeasi “Karera shu yerdan boshlanadi” shiori ostidagi Ochiq eshiklar kuni bo‘ldi. Tadbirda bo‘lajak talabalar universitet, uning ta’lim dasturlari, o‘qituvchilari va Rossiya iqtisodiyot universiteti taklif etayotgan imkoniyatlar bilan tanishdi. Abituriyentlar va ularning ota-onalari ma’ruza xonalari va laboratoriyalarni ko‘zdan kechirib, o‘qishga qabul qilish tartibi, o‘quv rejalari va kelgusidagi faoliyat istiqbollari haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.
- Rossiya iqtisodiyot universiteti XXI asrning chinakam universiteti bo‘lib, u talabalarning turli sohalarda o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etadi, - dedi o‘z chiqishida direktor o‘rinbosari, professor Nodira Zokirova. – Ushbu oliy ta’lim muassasasining ustuvor maqsadi yuksak malakali va raqobatbardosh mutaxassislarni puxta tayyorlashdan iborat. Biz muvaffaqiyatli bitiruvchilari, yuksak malakali o‘qituvchilari, ilg‘or ilmiy ishlanmalari va biznes-loyihalarning 118 yillik tarixiga ega Rossiyadagi birinchi iqtisodiyot universiteti - G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkentdagi filialida maktab o‘quvchilarini ko‘rib turganimizdan mamnunmiz. Universitetning Toshkentdagi filiali O‘zbekiston ta’lim bozorida 30 yildan buyon faoliyat yuritib, eng ilg‘or innovatsion texnologiyalar, ta’lim-tarbiya, ilmiy va ijtimoiy faoliyatni integratsiya qilish asosida yoshlarni sifatli oliy ta’lim bilan ta’minlab kelmoqda. Tadbirda universitet mutaxassislari yig‘ilganlarga iqtisodiyot, boshqaruv, xalqaro aloqalar va biznes dasturlari haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston oliy ta’limi sohasida mutlaqo yangi yo‘nalishlar ham bor: «Iqtisodiyot uchun Data Scientist», «Axborot tizimlari va texnologiyalari», «Sun’iy intellekt tizimlari va texnologiyalari», «Innovatika», «Boshqaruvda raqamli innovatsiyalar» shular jumlasidan.

2025 yilgi Qabul jarayonlarini tashkil qilish bosqichlari haqidagi taqdimot tadbirning yorqin voqealaridan biri bo‘ldi. Ishtirokchilarga ta’lim muassasasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari bilan tanishtiruvchi QR-kodli flayer va bloknotlar tarqatildi.
Tadbir ishtirokchilariga universitetdagi o‘quv va ilmiy ishlar, xalqaro aloqalar hamda talabalar uchun keng imkoniyat eshiklarini ochadigan amaliyot dasturlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ochiq eshiklar kuni ijodiy ruhda bo‘lib o‘tdi va universitetning axborot saytida keng yoritildi. Bu yerda ishtirokchilar maxsus elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tdi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda 600 nafardan ziyod bo‘lajak abituriyentlar – Toshkentdagi 30 ta maktab o‘quvchilarini to‘plagan axborot ko‘magi ham tashkil etildi. Ularga G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkentdagi filiali faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Yuqori bosqich talabalari ishtirokidagi Karera kuni doirasida tashkil etilgan mahorat darslari Ochiq eshiklar kunining amaliy qismi bo‘ldi. Tadbirda Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkentdagi filiali hamkorlari - o‘z jamoasi uchun iste’dodli bitiruvchilarni tanlab oladigan yirik kompaniyalar, bank va tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi. G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti yoshlarga amaliyot o‘tash va ishga joylashish uchun ajoyib imkoniyatlarni taqdim etadi, shu bois Karera kuni doirasida talabalar mavzuga doir tashkil etilgan mahorat darslari orqali salohiyatli ish beruvchilar bilan tanishib, ishga joylashish imkoniyatlari va istiqbollarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida talabalar suhbatdan o‘tib, nomzodlarga qo‘yilgan talablar bilan tanishdi va hatto amaliyot o‘tash va ishga joylashish bo‘yicha takliflarni ham qo‘lga kiritdi.
Tadbirda iqtisodiyot, biznes, moliya va boshqaruv sohasida faoliyat yuritayotgan ko‘plab kompaniyalar faol ishtirok etib, universitet bitiruvchilari va yosh mutaxassislarga bo‘lgan qiziqishini namoyon etdi.
Karera kuni talabalarga salohiyatli ish beruvchilar bilan aloqa o‘rnatish imkonini beribgina qolmay, balki muvaffaqiyatli ishga joylashish uchun o‘quv muassasalari va biznesning hamkorligi muhim ekanini ham ko‘rsatdi.
G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkentdagi filiali bo‘lib o‘tgan Ochiq eshiklar kuni va Karera kuni universitet faoliyati va imkoniyatlari bilan tanishtirish bilan birga, o‘quv muassasasi, talabalar va ish beruvchilar o‘rtasida tajriba almashish uchun o‘ziga xos platforma vazifasini o‘taydi, bu esa barcha ishtirokchilar uchun yorqin kelajak garovidir.
Aziza Alimova, O‘zA.