Munosabat
Joriy yilning 14 fevral kuni Prezidentimizning yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida Qoraqalpog‘istondagi faol yoshlar bilan videokonferensiya aloqasi orqali ishtirok etib, Prezidentimizning nutqlarini katta hayajon va ilhom bilan tingladim. Muloqot davomida davlatimiz rahbarining ilgari surgan tashabbusi va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, albatta, har birimiz uchun katta imkoniyatlar va umidlarni taqdim etdi.
Men, Beruniy nomidagi davlat stipendiyasining sohibasi va faol yoshlar qatorida bugungi kun va kelajak uchun yangi imkoniyatlarga ega bo‘lishim muhimligini yana bir bor chuqur his qildim. Prezidentimizning har bir so‘zlaridan katta ilhom oldim va biz kabi yoshlarni katta mas’uliyat va shijoatli maqsadlar bilan olg‘a qadam tashlashga undaydi.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbuslar biz yoshlarga yanada keng imkoniyatlar yaratadi. Masalan, yoshlar tadbirkorligi uchun ajratilgan 100 million dollar mablag‘ ularga o‘z biznesini boshlashga yordam beradi. Shuningdek, yoshlar uchun yaratilayotgan imtiyozli kreditlar, startap loyihalariga qo‘yiladigan investitsiyalar bizga ishonch va yangi g‘oyalarni taqdim etadi. Bu kabi ezgu tashabbuslar yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, yangi yo‘nalishlarda o‘zlarini sinash va rivojlanish uchun zarur resurslar taqdim etadi.
Muloqotda har bir yosh uchun ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, avvalo, kam ta’minlangan oilalarda o‘qish imkoniyatlarini yaratish uchun ko‘plab yangi tashabbuslar e’lon qilindi. Shundan biri – kambag‘al oilada hech bo‘lmaganda bir nafar farzand oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha qadamlar qo‘yilishi. Shuningdek, kambag‘al oilaning farzandlariga ta’lim krediti foizsiz berilishi, qo‘shimcha grant ajratilishi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab berilishi yoshlarni quvontirgan bo‘lsa, ajab emas.
Eng muhimi, men uchun “Yorqin iste’dod” loyihasi bo‘ldi. Prezidentimiz tomonidan taqdim etilgan ushbu yangi tizim kam ta’minlangan oilalarda istiqomat qiluvchi iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin, moliyaviy qiyinchiliklar tufayli o‘qishga imkoniyati bo‘lmagan yoshlarni xorijda o‘qitish imkoniyatini yaratadi. Har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj va bilim olishni xohlagan yoshlar saralab olinib, ular uchun xorijiy oliygohlar tanlanadi va tayyorgarlik kurslarida o‘qitiladi.
Prezidentimizning: “Men bir hayotiy fikrni takrorlashdan charchamayman. Bitta qizni o‘qitsak, butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz”, – degan so‘zlari har birimizga katta mas’uliyat va ulkan imkoniyatlarni his qilishga undaydi. Chunki bilimli va ma’rifatli oila bu – bilimli va ma’rifatli jamiyatning poydevori.
Men Prezidentimizga biz yoshlarga bo‘lgan yuksak ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi uchun o‘zimning qolaversa, butun qoraqalpog‘istonlik yoshlar nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman. Kelgusida men va men kabi yoshlar yangi maqsadlarga erishish uchun yanada faol bo‘lishga, ushbu tashabbuslardan samarali foydalanib, har bir imkoniyatni yuqori darajada qadrlashga intilishimiz darkor. Biz o‘z oldimizga katta maqsadlar qo‘yib, birgalikdagi fidokorona mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekistonni, uning tarkibida Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishda faol ishtirok etishimiz lozim.
Raya Yelio‘bayeva,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali 4-bosqich talabasi, Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi.
O‘zA