Yo‘qolgan guvohnoma yo‘qolmas ishonchga sabab bo‘ldi...
Agar hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmasa, bu ishonch mustahkam qo‘rg‘onga aylanadi.
Shu bois, Davlat xizmatlari agentligining Samarqand viloyat boshqarmasida nafaqat rasmiy tarzda, balki, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham kelib tushayotgan murojaatlar mas’ul xodimlar tomonidan alohida nazoratga olingan. Jumladan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda kattaqo‘rg‘onlik 2014 yilda tug‘ilgan Muslima Xosilovaga tegishli tug‘ilganlik guvohnomasi topib olinganligi to‘g‘risidagi e’lonlar tarqalgan edi.
Boshqarma boshchiligida ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, «Yagona FHDYO elektron arxivi» tizimi orqali ko‘rilganda ushbu guvohnoma mazkur tumanning «Bog‘ot» mahallasida yashovchi Dilrabo Xosilovaning farzandiga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi. Tuman FHDYO bo‘limi tomonidan joyiga chiqqan holda, guvohnoma o‘z egasiga topshirildi.
— E’tiborsizlik tufayli guvohnomani yo‘qotib qo‘ygan edim, — deydi D. Xosilova. — Qizim 1-guruh nogironi. Toshkentga davolanish uchun olib ketayotgan vaqtim shu ko‘ngilsizlik sodir bo‘ldi. Tuman FHDYO bo‘limi xodimlari qo‘ng‘iroq qilib, guvohnomani topilgani haqida aytishib, uyimga olib kelib berishdi. Ochig‘i, uni topish masalasida sarson bo‘layotgandim.
Ma’lumot o‘rnida qayd qilish joizki, FHDYO arxiv ma’lumotnomalari va axborotini olish imkoniyatini beruvchi yagona elektron arxiv tizimi idoralararo integratsiyalashuv, elektron hamkorlikni kengaytirish orqali byurokratik to‘siqlar,korrupsiya holatlarini yuzaga kelishining oldini oladi. Uning yordamida fuqarolar vakolatli davlat organlari va tashkilotlarga bormasdan davlat xizmatlaridan foydalanishga erishadilar.
DXA Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati