Yonhap: Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo hamkorligi kengaymoqda
Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida sanoat va savdo sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga bag‘ishlangan vazirlar darajasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Seulda o‘tkazilgan ushbu tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari ishtirok etib, muhim foydali qazilmalar va mahsulot yetkazib berish zanjirini mustahkamlash istiqboli muhokama qilindi.
Janubiy Koreya Sanoat va savdo vazirligi xabariga ko‘ra, tomonlar jahon savdo tizimidagi o‘zgarish va geosiyosiy sharoitga moslashgan holda, o‘zaro sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olgan.
Uchrashuvda sanoat hududi, aqlli infratuzilma loyihasi va zavodlarni modernizatsiya qilishda Janubiy Koreya ishtirokini kengaytirishga ham kelishilgan. Bundan tashqari Markaziy Osiyodagi boy tabiiy resurslarni Seul yuqori texnologiyasi bilan integratsiya qilish orqali xom ashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan zanjirni birgalikda mustahkamlash nazarda tutilgan. Shunga muvofiq, Janubiy Koreya tomoni mintaqadagi ishlab chiqarish korxonalariga raqamli va aqlli texnologiyani joriy etishga ko‘maklashadi hamda yosh mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA