Yong‘in xavfsizligi universitet nazoratida
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarda kuz-qish mavsumida is gazidan zaharlanish, havo-gaz aralashmasi chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yoshlar, ayniqsa, talabalarning savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Termiz davlat universiteti qoshida tashkil etilgan ishchi guruhi ham ijara asosida yashayotgan talaba-yoshlarning xonadonlarida bo‘lib, yong‘in xavfsizligi va is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida suhbatlar o‘tkazmoqda.

Professor-o‘qituvchilar, fakultetlar dekanlari va talabalar ishtirokida tashkil etilayotgan tadbirlarga soha mutaxassislari taklif etilib, ular bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda. Surxondaryo viloyatidagi eng yirik oliy ta’lim muassasasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbirda Termiz shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i A.Ko‘charov uchrashuv qatnashchilariga xonadonlar va talabalar turar joyida qo‘lbola yasalgan elektr isitish, boshqa elektr, gaz uskunalaridan foydalanishning salbiy oqibatlari haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, ko‘ngilsiz voqealarning kelib chiqishiga fuqarolarning gaz va muqobil yoqilg‘i ko‘mir, o‘tin va boshqa turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik, nostandart ya’ni, qo‘lbola yasalgan yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish, isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish, havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish kabi holatlar sabab bo‘lishi haqida atroflicha fikr almashildi. Is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan tavsiyalar bildirildi.
Yong‘in xavfsizligini ta’minlashda qo‘llaniladigan texnika va jihozlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mavsumda talaba-yoshlar o‘rtasida yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish uchun Termiz davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Shofiyev hamda yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi I.Tolipov boshchiligida ishchi guruh tashkil etilib, ijarada yashovchi talabalarning shart-sharoiti hamda xavfsizligini o‘rganish yo‘lga qo‘yildi.
Ishchi guruh a’zolari ijarada yashayotgan talabalarning xonadonlarida bo‘lib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishmoqda. Isitish tizimlarini ko‘zdan kechirib, tegishli taklif va tavsiyalarni bildirmoqda.

– Ta’lim muassasamiz hududida oltita talabalar turar joyi mavjud,– deydi Termiz davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Obidjon Shofiyev. – Ularda 2 ming 695 nafar talaba istiqomat qiladi. Barcha qulayliklarga ega talabalar turar joylarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlar belgilanib, kuz-qish mavsumiga puxta hozirlik ko‘rildi. Ayni paytda ijarada yashayotgan besh mingga yaqin talaba-yoshlarimiz xonadonlarida bo‘lib, ularning turar-joylarida yong‘in xavfsizligi va is gazidan zaharlanishning oldini olish qanday yo‘lga qo‘yilganini o‘rganyapmiz. Yaratilgan sharoitlar va xonalar issiqligini ko‘zdan kechiryapmiz. Talabalar duch kelayotgan muammolar to‘g‘risida suhbatlashyapmiz. Kamchilik aniqlangan xonadon sohiblariga talabalar uchun zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha takliflarimizni berdik. Chunki, talabalarning nafaqat ta’lim olib, kasb o‘rganishini balki, munosib hayot kechirishini ta’minlash ham burchimizdir. Shu bois kamchilik aniqlanayotgan xonadonlarni o‘z nazoratimizga oldik.
Ishchi guruh a’zolari shu kungacha uch mingga yaqin talabaning ijarada yashash sharoitlari, kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi bilan yaqindan tanishdi. Bir yo‘la is gazidan zaharlanishning oldini olish va qo‘lbola pechlardan noqonuniy foydalanish yuzasidan yo‘riqnoma berilib, tegishli tavsiyalar berilmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri