Yurtimizda joriy yilning 15 noyabridan 15 dekabriga qadar “Yong‘in xavfsizligi oyligi” e’lon qilingan bo‘lib, oylik doirasida barcha korxona va tashkilotlarda, aholi o‘rtasida turli targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlari hamda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Tadbirlarda fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, davlat yong‘in nazorati organlari va boshqa daxldor idoralar vakillari bilan birgalikda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, ob’ektlar va uy-joy fondining texnik holati, yong‘in xavfsizligi masalalarini ko‘rib chiqilishini tashkillashtirish, bunda gaz, energetika, suv xo‘jaligi va isitish moslamalarining holati hamda sozligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-20546]
– Viloyatimizda muntazam ravishda korxona va tashkilotlarda, o‘ta muhim, toifalangan ob’ektlarda uchrashuv hamda seminarlar, yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalarini qo‘llash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar, musobaqalar o‘tkazilib, ob’ektlarda maxsus xizmatlar kuch va vositalarini jalb qilgan holda ko‘rgazmali yong‘in o‘chirish taktik mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda, – deydi Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Muhsinjon Ergashev. – Ularda yong‘in-qutqaruv texnikalarining taktik imkoniyatlari namoyish etilmoqda. Yangi qurilayotgan bino va inshootlarda qurilish-montaj ishlarining amaldagi shaharsozlik normalari hamda qoidalari talablari, shu jumladan, yong‘in xavfsizligi talablari asosida amalga oshirilayotganligi o‘rganilib, tegishli tavsiyalar berilmoqda.
Viloyatda oylik davomida 67 ta davlat ob’ektlari hamda 103 ta tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli ob’ektlar tekshirildi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ob’ektlarning rahbarlari hamda mas’ul shaxslariga nisbatan 64 ta ma’muriy jarimalar qo‘llanildi, yong‘in chiqish xavfi mavjud 63 ta bino va inshootlardan vaqtinchalik foydalanish taqiqlandi. O‘tkazilgan tekshiruvlar bo‘yicha hokimlik va yuqori tashkilotlarga 31 ta axborotnoma hamda taqdimnomalar kiritildi.
Shuningdek, yong‘in, avariya va favqulodda hodisalar sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatlanish tartibi, qutqaruv ishlarini tashkil etish maqsadida 121 marotaba amaliy mashq hamda mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Viloyatda “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari