O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Yo‘l harakati qoidalariga jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Qarorda jamoat transportida aholiga sifatli va qulay xizmat ko‘rsatilishini samarali tashkil etish, jamoat transporti harakati ustuvorligini hamda yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Unga muvofiq, Vazirlar Maxkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalariga yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan yo‘nalishli jamoat transporti vositalaridan tashqari boshqa transport vositalarining harakatlanishini taqiqlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritiladi.
Endi yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan yo‘nalishli jamoat transporti vositalari harakatlanishi mumkin va boshqa transport vositalari ushbu yo‘lakda harakatlanishi taqiqlanadi, bundan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari mustasno.
Yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘lda harakatlanishi taqiqlangan transport vositalari ushbu yo‘ldan faqat yondosh hududga kirish yoki chiqish maqsadida yondosh hududning kirish yoki chiqish joyidan 50 metr masofada uzuq-uzuq chiziqli joygacha yoxud yaqin masofadagi uzuq-uzuq chiziqli joygacha harakatlanishi mumkin. Bunda transport vositasi mazkur yo‘lakda harakatlanib kelayotgan yo‘nalishli transport vositasi harakatiga to‘sqinlik qilmasligi va unga yo‘l bergandan so‘ng yondosh hududga kirish yoki chiqish harakatini amalga oshirishiga ruxsat etiladi”.
O‘zA