Yomg‘ir ostida o‘tgan o‘yindan fotoreportaj
Poxtaxtimizdagi Milliy futbol markazida o‘zbek futboli rivojiga munosib hissa qo‘shgan taniqli sport arbobi Mirabror Usmonov xotirasiga bag‘ishlangan “Mirabror Usmonov kubogi – 2026” xalqaro turnirining ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Yomg‘irli ob-havoga qaramay, maydonda qizg‘in va murosasiz kurash kechdi. Yosh futbolchilar g‘alaba uchun bor kuch va mahoratini ishga solib, muxlislarga hayajonli lahzalarni taqdim etdi.
Turning dastlabki uchrashuvida Rossiya va Armaniston yoshlar terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Asosiy vaqt davomida har ikki jamoa ham raqib darvozasini ishg‘ol eta olmadi. G‘olibni aniqlash uchun belgilangan penaltilar seriyasida esa armanistonlik futbolchilar aniqroq harakat qilib, 5:3 hisobida ustun keldi. Uchrashuvning umumiy natijasi — 0:0 (penaltilar — 3:5).
Kunning ikkinchi bellashuvida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni yoshlar terma jamoalari maydonga tushdi. Keskin va murosasiz kechgan bahsning asosiy vaqti 2:2 hisobida yakunlandi. Penaltilar seriyasida esa hamyurtlarimiz o‘zlarining mahorat va ruhiy ustunligini namoyon etib, 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.
[gallery-31768]
Mazkur xalqaro xotira turniri yosh futbolchilarning mahorat va salohiyatini namoyon etish, xalqaro tajribasini oshirish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi sport aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Mirabror Usmonov kubogi – 2026” xalqaro xotira turniri doirasidagi navbatdagi uchrashuvlar 6-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA