Prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda jamoat transportidagi kamchiliklar uchun respublika transport vaziri I.Mahkamov va uning birinchi o‘rinbosari M.Omarov faoliyati qoniqarsiz ekani qayd etildi, ularga “hayfsan” e’lon qilinib oxirgi ogohlantirish berildi.
Vazirga berilgan baho va jazo tizimdagi holatga berilgan deyilsa to‘g‘ri bo‘lar. Mana bu haydovchilarning so‘zlariga quloq soling-a.
Jahongir:
–O‘n yildan buyon qatnayman, shu yo‘ldan. Kuniga 5 ming stoyankaga, bir oyga 150 ming so‘m, har uch oyda 450 ming so‘m litsenziyaga to‘laymiz, oylik plan 850 ming so‘m. Bu degani, har oylik to‘lov 1 150 000 (bir million bir yuz ellik ming) so‘mga boryapti. Ayni paytda “LUCKY AVTO TRANS” MCHJga o‘tganmiz. Ilgari “AVTOTRANS”da edik. Yo‘nalishda 8 avtobus, 25 ta Damas qatnaydi.
Mirolim O‘rinov:
–Tenderda uch yil muddatga biz yutib olganmiz. Biz qatnashimiz kerakku bu yo‘nalishda. Hozir tenderda qatnashmagan boshqa firma o‘z mashinalarini qo‘yyapti.
–Kim qo‘yapti? – so‘raymiz, biz
–ZEROTRANS qo‘yyapti. Fevralning oxiri, martning boshida tender bo‘lar ekan, o‘shanda qay biri yutsa, qonuniy qatnayversin. Ertalab sakkizda kelganmiz. Mana o‘n bo‘ldi, haligacha ketolmadik.
Jahongir:
–Bizga xech qanday xizmat ko‘rsatmaydi. Faqat shu yerdan odam olamiz. Yo‘nalishni yutib olgan tenderda keladi, pulini yig‘ishtirib ketadi.
–Uni bank orqali to‘lamaysizlarmi?
–Yo‘q. Naqd pulda to‘laymiz.
–Kvitansiya beradimi?
–Yo‘q, bermaydi.
Haydovchilar Uchko‘prik tumanidagi ota-bola Komilovlar muassis bo‘lgan “LUCKY AVTO TRANS” va ZEROTRANS MCHJning hatti harakatidan norozi.

Uchko‘prik–Kenagas yo‘nalishida qatnovchi haydovchilar ham, yo‘lovchilar ham turli idoralar eshigini qoqaverib charchashibdi. Ular “LUCKY AVTO TRANS” MCHJ ishtirokidagi 2023 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan tender natijalaridan shubhalanishmoqda. Bunga vajlar bor edi albatta. “LUCKY AVTO TRANS” MCHJ Uchko‘prik – Kenagas yo‘nalishi tenderiga 12 ta yangi, jumladan, uchta SHIHERAU rusumli mikroavtobuslarni taklif etgan va “yengil tipdagi transport vositalari yangiligi, o‘rindiqlar soni ko‘pligi” sababli yuqori ball olib g‘olib bo‘lgan.
Aslida o‘shanda bundan yo‘lovchilar quvongan. Keyin, g‘oliblik hulosasi, unga ko‘ra litsenziya olgach bu avtotransport vositalari yo‘nalishga chiqadi, deya ishonganlar.
–Ammo JAKlar yo‘q, – deydi yo‘lovchi Yo‘lchi Ismoilov. –U mashinalar bittasi Rishton, bittasi Bag‘dod, bittasi Marg‘ilonda ekan. Tender o‘tkazishda yutib berishga keladigan mashinalarda. Bugun, amalda eski mashina qatnaydi. Taklifdagi mashina yo‘q. Narx-navoni 5 mingga chiqardi.
Masalaga sal chuqurroq kirishgan edik, yana boshqa e’tirozlar ham chiqdi.
–Uchta SHIHERAU yengil mikroavtobus, M-1lar qo‘yib yutganmiz, – deydi transport xizmati ko‘rsatuvchi jamiyat muassisi Ilhom Komilov. –G‘oliblikka kiritgan avtotransport mashinalarni yo‘nalishga olib borsak, u yerdagi haydovchilar qo‘ydirishmadi. Shuning uchun yurmayapti hozircha.
– Unda o‘sha yo‘nalishda qaysi mashinalar qatnayati?
–O‘zimizning Damas rusumli mashinalarimiz yuribdi.
Tender asosida berilgan litsenziyaga ko‘ra aslida 12 ta yangi mashinalar qatnashi kerak edi. Yo‘nalishda esa taklif ro‘yxatida ko‘rsatilmagan, keyin ma’lum bo‘lishicha belgilangan tartibda kunlik texnik ko‘rikdan o‘tmagan mashinalar harakat qilar edi.

–Qatnayotgan transportlar texnik ko‘rikdan o‘tadimi?
–O‘tadi, – deydi Ilhom Komilov.
–Mashina uyingizda turadimi yoki garajdami? – so‘raymiz Damas haydovchisi Sherali Qodirovdan
–O‘zimda turadi. Avval Avtotransda ishlaganimizda mexanik ertalab yamaga qo‘yib tekshirib, ko‘rikdan o‘tkazar va pechat urib berardi. Doktor sog‘ligimizni tekshirar edi. Hozir xech qanaqa ko‘rik ham yo‘q, pechat ham urilmaydi. Texnik ko‘rik yo‘q. Chunki garaj yo‘q.
Avtotransport hizmati ko‘rsatuvchi qo‘shaloq jamiyatlar rahbari Ilhom Komilov bizga avtomashinalar uchun garajimiz bor, deb turib oldi.
O‘sha aytilgan avtosaroyni borib ko‘rdik. Ammo u yerda “LUCKY AVTO TRANS” MCHJga tegishli bironta avtotransport yo‘q edi. Hatto izi ham topilmadi. Ma’lum bo‘lishicha,
–Biz bilan 2023 yil oktyabr oyida ijara shartnomasi tuzib bir marta 500 ming so‘m to‘lashdi. Ammo bu yerga bironta mashinalari qo‘yilmagan, – deydi ijarachi, Qo‘qon QMK rahbari Burxonjon Hamidov. –Hech qachon texnik, tibbiy ko‘rik bo‘lmagan. Bilishimcha, tender talablari uchun biz bilan ijara shartnomasi tuzilgan ekan.
Sizga xabar berayotganimiz – aslida daryodan tomchi. Bunday tartib buzilishiga yo‘l qo‘yganlar haqida tender komissiyasi vakillari bilan uchrashaylik deya Farg‘ona viloyati transport boshqarmasiga qanayverib “oyoqlarimiz qavardi”, uning boshlig‘iga telefon qilaverib “qo‘limiz toliqdi”. Boshliq na idoraga keladi, na telefonini ko‘taradi. Boshqarmaning tender bo‘limi bosh mutahassisi Eldorbek Mamarasulov esa bizga ma’lumot ham, intervyu ham berishdan qochdi.

– Boshqarmaning boshlig‘i bor. Xo‘jayindan so‘rashim kerak, – deydi u. –Intervyu masalasida rahbarimning oldidan o‘tmasam bo‘lmaydi. Boshqarmaning egasi bor, aka!
Ha biz har qancha urinmaylik, Farg‘ona viloyati transport boshqarmasi “beton devorlari”dan o‘ta olmadik. Bu “LUCKY AVTO TRANS” MCHJ ning tenderdagi g‘olibligiga bizda ham shubha uyg‘otdi. Zero “LUCKY AVTO TRANS” MCHJ korxonasi tenderga taqdim etgan xujjatlarda mikroavtobusning “yengil” transport turi, ya’ni M-2dan M-1 turiga o‘zgartirib yozilgani, natijada tender baholovida 2 ball emas, 4 balldan olib g‘olib bo‘lgani aniqlandi. Albatta bunday ko‘zbo‘yamachilik, ijrochilar tili bilan aytsak “xato”, agar o‘z nomi bilan aytilsa, xujjatlarni sohtalashtirish ming afsuski, ichki ishlar hodimlarining ishtirokisiz bo‘lmagan.
– Uchko‘prik tumanida yo‘lovchi tashuvchi yo‘nalish tenderida ishtirok etgan MCHJlarga tegishli bo‘lgan transport vositalari 2023 yil sentyabr oyida Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizlik boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtixon olish bo‘limi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shu davrda turli lavozimlarda ishlagan To‘rayev Alimardon, Nosirov Xudoyberdi, Hojimatov Oqiljon hamda Meliboyev Sherali uchta M-2 turdagi transport vositalarini xodimlarning hizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarashi va xatolik tufayli M-1 turiga rasmiylashtirilgan. Bu xolat aniqlangandan keyin viloyat IIB YHXB tomonidan o‘tkazilgan ichki hizmat tekshiruviga asosan to‘rt nafar hodimga nisbatan intizomiy chora tayinlangan.
Yo‘l harakati xavfsizligi hodimlarigaku boshqarma baho beribdi. Tenderga ariza qilib berganlarchi? Ular bu xolni qanday izohlaydi?
–U paytda tender e’loni Damasga, yengil mashinaga berilgan. Mikroavtobusga berilmagan, – deydi Ilhomjon Komilov.
–Shuning uchun yengil mashina qilib ko‘rsatganmisiz?
–Ha da, ular balansimizdagi mashina emas, biz ijaraga olamiz mashinani.
Tender onlayn, inson omilisiz, taqdim etilgan xujjatlar asosida o‘tadi. Ammo,
–Tender yakunidan so‘ng o‘n kun ichida g‘olib bilan kelishgan xolda bergan takliflari haqqoniyligini tender komissiyasi ko‘rikdan o‘tkazadi, – deydi Farg‘ona viloyat transport boshqarmasi litsenziya bo‘limi bosh mutaxassisi Dostonbek Boynazarov.
Hatto tender hujjatlari haqiqatga mos bo‘lmasada, ma’lumotlar o‘zgartirib yozilsada, transport boshqramasi litsenziya bo‘limi o‘zi bergan litsenziyani bekor qila olmas ekan.
–Texpasportni mikroavtobusdan yengil mashina qilib o‘zgartirib olibdi, degan vajlar asosida litsenziyani bekor qila olmayman, sud qarori chiqishi kerak, –deydi Dostonbek Boynazarov.
Biz nomi tender xujjatlarida ko‘rsatilganu, ammo o‘zi yo‘nalishda yo‘q mikroavtobuslarni Uchko‘prikda rosa qidirdik. Topa olmadik. Ular g‘olib bo‘lgan yo‘nalishda qatnamayapti. Lekin tender natijalari haligacha qayta ko‘rilmadi, litsenziya bekor qilinmadi, yo‘l harakat xavfsizlik boshqarmasi ma’lumotlar bazasidagi yozuvlar o‘zgartirilmadi, o‘sha uchta mikroavtobus qayta ro‘yxatga olinmadi. Keyin bilsak, mikroavtobuslarni ichki ishlar hodimlarining o‘zlari ham topa olishmayotgan ekan.

–Hozir bu uchta transport vositasini topish imkoniyati mavjud bo‘lmagani sababli ma’lumotlar bazasida hali o‘zgartirish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni amalga oshirilgani yo‘q, –deydi Elbek Qobilov.
Shunday qilib, prezident O‘zbekiston Transport vaziri va uning birinchi o‘rinbosariga hayfsan e’lon qilgani, oxirgi bor ogohlantirish bergani juda to‘g‘ri qaror edi.
Transport vazirligi, uning joylardagi boshqarmalari faoliyatida yo‘lovchilar yangilikka intilishni kuzatmayaptilar. Xizmat sifatini o‘rganish, yaxshilash yuzasidan so‘rovlar o‘tkazilmaydi. Transport inspeksiyasi ishida oshkoralik yetishmaydi. Hatto Farg‘ona viloyati Transport boshqarmasi axborot hizmati xodimlari butunlay qisqartirib yuborilgan.
Yana bir, ko‘ngilni xijil qiladigan xolat haqida aytmasak bo‘lmas. Yo‘l harakat xavfsizlik boshqarmasi xizmat tekshiruvi xulosasida xujjatlardagi “ma’lumotni o‘zgartirib yozganlar”ga hayfsan berilgan, to‘plangan materiallarni prokuraturaga yuborilishi ko‘rsatilgan. Amalda-chi? Mana, ikki oydirki, u prokuraturaga jo‘natilmagan. Aytishlaricha, aksincha hayfsan olganlarning mansabi ko‘tarilgan. Balki shu kabi xolatlarga yo‘l qo‘ygani uchundir, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i O.Saidovga ham Prezident hayfsan e’lon qilib ohirgi bor ogohlantirgandir.
Farg‘ona viloyat transport boshqarmasi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va ichki ishlar vazirligi o‘z munosabatini bildiradi, deb o‘ylaymiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/a5SoY_McE8I" title="YOʻLOVCHI TRANSPORT VAZIRLIGIDAN ISLOHOTLAR KUTISHMOQDA" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov