Yo‘lovchilar e’tiroziga sababchi bo‘lmang
Jizzax viloyat davlat soliq boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat IIB yo‘l harakati boshqarmasi va boshqa mutasaddi idoralar xodimlari bilan hamkorlikda shahar va tumanlardagi yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yo‘nalishsiz taksi haydovchilari uchun targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, Forish tuman davlat soliq inspeksiyasi va boshqa bir qator mutasaddi tashkilotlar xodimlari bilan birgalikda tumandagi yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yo‘nalishsiz taksi haydovchilari o‘rtasida yo‘lkirani asossiz oshirmaslik, yo‘lovchilar bilan muomala madaniyatiga rioya etish, norozilik keltirib chiqaruvchi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, ish faoliyatlari davomida yo‘l qoidalariga qat’iy rioya etish yuzasidan muntazam ravishda tarbiyaviy ahamiyat kasb etuvchi tadbirlar o‘tkazib borilayotir.
Ushbu tadbirlar davomida Prezidentimizning 2020 yil 8 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda joriy yil 7 iyuldagi “Avtotransport vositalarini boshqarishda va yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida”gi qarorlarining mazmuni atroflicha tushuntirib borilyapti.

Mazkur qarorlarga ko‘ra haydovchilar yengil avtomobillarda yo‘lovchilarni tashish faoliyati bilan shug‘ullanishini qonuniy tartibga solish, ularning faoliyatini litsenziyalash belgilab qo‘yilgan. Yengil avtomobili haydovchilari endilikda yo‘lovchi tashish faoliyatini qonuniy amalga oshirish uchun davlat xizmatlariga ariza topshirgan holda, bazaviy hisoblash miqdori(BHM)ning 2 barobari miqdorida davlat boji to‘lab litsenziya olishlari mumkin.
Shuningdek, haydovchilar soliq idoralarida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun BHMning 1 barobari miqdorida yillik ijtimoiy soliqlarni to‘lov qilib, o‘zini-o‘zi band qilgan holda faoliyatini davom ettirishlari ham mumkin.
Ma’lumot uchun, joylarda tashkil etilayotgan tadbirlar davomida haydovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlar to‘liqligicha fuqarolarning byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA