Har yili yo‘llar ta’mirlanadi. Ammo, bir yil o‘tmasdan ta’mirdan chiqqan yo‘llar yana ta’mirtalab bo‘lib qoladi. Qaysi viloyatga safarga bormaylik, kilometrlarga cho‘zilgan, buzilayotgan yoki tuzatilayotgan yo‘llarga ko‘zimiz tushadi. Bu yo‘llar ko‘pincha, yangi qurib bitkazilgan yo‘lning qayta ta’miri bo‘lib chiqadi.
Misol uchun, Toshkent bilan vodiyni bog‘lovchi yagona katta yo‘lni olaylik. Bu yo‘ldan poytaxtga respublika aholisining 30-40 foizi o‘tib-qaytadi.
– Ish faoliyatim Qashqadaryo, vodiy va Toshkent viloyatlari bilan bog‘liq bo‘lgani bois shu hududlardagi yo‘llardan qatnashga to‘g‘ri keladi, – deydi tadbirkor Zayniddin Ro‘ziyev. – Afsuski, har gal yo‘lga chiqishdan oldin yo‘llarimizning abgorligidan dilim ranjiydi. Chunki, yo‘llarimiz o‘ydim-chuqur, hatto ba’zi katta trassalar yo‘q bo‘lib ketish darajasigacha kelib qolgan. Ayniqsa, yog‘ingarchilik vaqtlarida bu yo‘llardan yurish azob. Bir necha yildirki shu yo‘llardan yuraman. Biroq yuqorida aytilgan viloyatlarni bog‘laydigan magistral yo‘llarda ta’mirlash ishlari olib borilganligiga hech guvoh bo‘lmaganman.
– Ish yuzasidan, umrim yo‘llarda o‘tadi, – deydi farg‘onalik haydovchi Botir Rustamov. – Har safar yo‘lga chiqqanimda yuragimni hovuchlab yuraman. Yo‘ldagi katta-katta chuqurlardan qochib, 2-3 marta avtohalokatga uchraganman. Allohga shukur jiddiy zarar yetmadi. Biroq, qanchalik ehtiyotkor bo‘lmay, bu yana takrorlanishidan xavotirdaman. Avtomobil yo‘llar davlat qo‘mitasiga vodiylik taksichilar bilan juda ko‘p murojaat qilganmiz. Ta’mirlab beriladi, deyishadi. Bu muammo faqat Qamchiq dovonida emas, Jizzax, Buxoro, Surxondaryo, voha viloyatlarida ham bor. Magistral yo‘llardagi avtohalokatlar haqida eshitamiz. Misol uchun, Samarqand, Buxoro voha yo‘llari juda abgor. Turli davlatlardan kelgan sayyohlar ham Samarqand, Buxoro, Xivaga borishda shu yo‘llardan yuradi-ku!
Mutaxassislarning tekshiruvi natijasiga ko‘ra, O‘zbekistonda yo‘l qurilishidagi asfaltlar mutlaqo talabga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan. Hozirda amalda foydalanib kelinayotgan asfalt uchun kerakli mahsulotlardan dunyo mamlakatlari 10 yil oldin voz kechgan. AQSH va Yevropa mamlakatlarida ishlab chiqarilgan asfalt-beton qoplamasiga eng kamida 15-20 yil kafolat bor. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan asfalt-beton qoplamalariga esa uzog‘i bilan 2 yilgacha kafolat bor ekan.
Shu yerda haqli savol tug‘iladi. Nega O‘zbekistonda qurilayotgan yo‘llarning sifati xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydi va uzoq vaqtga chidamaydi? O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan asfalt-beton qoplamalar sifati vakolatli organlar tomonidan tahlil qilinadimi? Axir, bitta yo‘lni qurib bitkazish uchun oz-muncha xarajat ketadimi?!
– O‘zbekiston hududida 98 asfalt-beton mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar bor, – deydi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi davlat nazorati departamenti qurilish-materiallari bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Suyarqulov. – Bu korxonalarning 70 foizi standartlarga javob bermaydi. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan mamlakatimizda yo‘l qurilish sohasini o‘rganib chiqdik. Xususan, Buxoro va Navoiy viloyatlari misolida asfalt-beton mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati va avtomobil yo‘llar sifati o‘rganildi. Aslida, asfalt-beton mahsulotlarining sifati va xavfsizligi 2020-2022 yillarda qabul qilingan 6 (EN, ISO, GOST) xalqaro standartlar bilan tartibga solinadi.
O‘rganishlar jarayonida, Navoiy viloyatidagi 7 ta asfalt-beton mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonaning barchasida mahsulot sifatini nazorat qilish uchun laboratoriya mavjud emasligi aniqlandi. Bundan tashqari, Buxoro viloyatidagi 11 ta asfalt-beton mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonaning 4 tasida (36 foizi) mahsulot sifatini nazorat qilish uchun laboratoriya mavjud emas. Aksariyat korxonalarda sifati kafolatlanmagan xomashyolardan foydalanish holatlari uchramoqda. Misol uchun, korxonalarda asfalt-beton mahsulotini ishlab chiqarishda asosiy xomashyo sifatida foydalaniladigan bitumning sifatini nazorat qilish imkoniyati mavjud emas. Standart talabiga asosan bitumning har bir partiyasi sinovlardan o‘tkazilishi belgilangan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan korxonalarga taqdimnomalar kiritildi.
Buxoro viloyatidagi yangi qurilayotgan “Buxoro halqa yo‘li” avtomobil yo‘lining 16,5 kilometridagi qayta qurish ob’ektida yotqizilgan asfalt-beton sifati o‘rganilganda 1 qatlam asfalt-beton loyiha bo‘yicha 9 sm bo‘lishi belgilangan bo‘lsada, amalda 7 sm tashkil etdi. Bu bilan me’yoriy hujjatining 10.92-bandi talabi buzilgan.
Shuningdek, yo‘lning tayyor qismlari o‘rganilganda chuqurlar, yoriqlar, notekis joylari borligi aniqlandi. Qaynoq asfalt-beton qorishmaning yotqizishdagi harorati 150-160 ℃ bo‘lishi belgilangan bo‘lsada, har bir avtosamosvalda keltirilayotgan qorishmaning harorati amalda nazorat qilinmaydi.
Xususiy akkreditlangan sinash laboratoriyalari tomonidan asfalt-beton mahsulotlariga rasmiylashtirilgan sinov bayonnomalari va xulosalar tahlili o‘tkazildi va bir qator kamchiliklar aniqlandi.
Navoiy viloyatidagi “Navoiy qurilish sinov” MCHJ tomonidan asfalt mahsulotlariga standart talabining 4 ta hamda “Navoiy zamon standart” MCHJ tomonidan 2 ta ko‘rsatkich bo‘yicha sinovlar o‘tkazilmasdan xulosa rasmiylashtirilgan.
Buxoro viloyatidagi “Buxoro maxsus sinov qurilish laboratoriya” MCHJ sertifikatlashtirish idorasi tomonidan asfalt-beton mahsulotini “aralashmaning yorilishdagi chidamlilik ko‘rsatkichi” bo‘yicha nomuvofiq bo‘lsada (me’yor bo‘yicha 3,5 foiz, amalda 3,3 foiz tashkil etgan) mahsulot muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berilgan hamda “bog‘lovchi (bitum) miqdori” ko‘rsatgichi tekshirilmasdan sertifikat rasmiylashtirilgan.
Yo‘l qurilishida yetakchi bo‘lgan Germaniya davlati tajribasi o‘rganildi. Germaniyada yo‘l qurilishi DIN, EN, ISO, BS standartlari bilan tartibga solinadi. To‘siqsiz, yuqori tezlikdagi transport oqimini ta’minlash avtoban dizayni uchun umumiy qoidadir. Aksariyat avtobanlar sovuqqa chidamli beton yoki bitumli sirt qalinligi 68 sm o‘lchamdagi yo‘l yuzasidan iborat. Avtomobil yo‘llari qurilishida yer qatlamlari ilmiy-tadqiqot jihatidan o‘rganiladi.
Germaniyaning 7500 mil (12 050 km) avtomobil yo‘llarining 25 foizi beton qoplamalaridan iborat. Inspektorlar yuqori texnologiyali yo‘l skanerlash uskunalari bilan jihozlangan avtomashinalar yordamida tizimning har bir kvadrat metrini vaqti-vaqti bilan tekshiradilar. Agar yoriq yoki boshqa nuqson aniqlansa, butun yo‘l qismi almashtiriladi. Germaniyada yo‘l harakati darajasiga qarab beton qoplama qalinligi va boshqa tafsilotlarni tanlash uchun katalogdan foydalaniladi. Ushbu katalog har 10 yilda bir marta yangilanadi.
Nemis katalogi talablariga muvofiq quriladigan qoplamaning umumiy qalinligi beton yuzasi, asosiy qatlam (sement bilan ishlangan, asfalt bilan ishlangan yoki ishlov berilmagan) va muzlashdan himoya qiluvchi qatlam qalinligining yig‘indisidir. Sovuqqa qarshi himoya qatlamining qalinligi mintaqaning iqlimiga va yer osti qatlamining sovuqqa sezgirligiga bog‘liq. Odatda qoplamaning umumiy qalinligi 22 dan 35 dyuymgacha (55 dan 90 sm gacha).
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Avtomobil yo‘llar davlat qo‘mitasiga Germaniya standartlarini o‘rganib chiqish va respublikada joriy qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga xulosa kiritish taklif etilgan.
Shuningdek, aniqlangan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha Avtomobil yo‘llar davlat qo‘mitasiga taqdimnoma kiritilgan. Buxoro va Navoiy viloyatlari tajribasi asosida respublikadagi 98 ta asfalt-beton ishlab chiqaruvchi korxonalarda davlat nazoratini o‘tkazish va ta’sirchan choralarni qo‘llashga ruxsat berish, Avtomobil yo‘llar davlat qo‘mitasiga hududlardagi bitum mahsulotlarining har bir partiyasini sinovdan o‘tkazuvchi laboratoriya hamda asfalt-beton ishlab chiqaruvchi korxonalarda sinov laboratoriyasini tashkil etish taklif etilgan. Ammo javob va natijadan darak yo‘q.
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining ma’lum qilishicha, 2022 yilda yo‘l-transport hodisalarida 2 ming 350 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. O‘tgan yilda respublika hududida 9 ming 902 ta baxtsiz hodisa ro‘y bergan. Ob’ektiv sabablar orasida piyodalar o‘tish joyi (1017 ta) va yo‘l ajratkichlari (1302 ta) yo‘qligi, yana 214 ta holatda svetofor va tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilmaganligi yetakchilik qilmoqda.
Har bitta raqam ortida insonlar taqdiri yotibdi. Bitta insonning halok bo‘lishi – uning oila a’zolari, yaqinlari uchun og‘ir judolik hisoblanadi.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/UIGC2i5pwPc" title="Йўлларимиз қачон мустаҳкам ва сифатли бўлади?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Mamlakatimizda yo‘l qurish, ta’mirlash, loyihalash uchun respublika byudjetidan har yili mablag‘ ajratiladi. Xususan, davlatimiz tomonidan 2021 yilda 4,5 trillion so‘m mablag‘ evaziga 3,9 ming km. avtomobil yo‘llarini qayta qurish va ta’mirlash ko‘zda tutilgan edi. Iqtisodiyot va moliya vazirligining bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilda yo‘l xo‘jaligidagi qurish-ta’mirlash, ularni ekspluatatsiya qilish va jihozlash xarajatlari uchun jami 8,4 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Toshkentdagi ichki yo‘llar va ob’ektlarni ta’mirlash uchun 584 milliard so‘m foizsiz kredit ajratish bo‘yicha davlatimiz rahbari tegishli qarorni imzoladi.
“O‘zyo‘linspeksiya” bergan ma’lumotga ko‘ra, 2022 yilning 11 oyida yo‘l qurilishi ob’ektlari, sun’iy inshootlar (ya’ni ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar) hamda yo‘l-qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha 5 ming 461 ta ob’ektda nazorat o‘tkazildi. Natijada 11 oy ichida 231 ta holat bo‘yicha umumiy summasi 12 milliard 249 million so‘mlik – umuman sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari hajmini to‘lovdan chiqarish bo‘yicha buyurtma bergan tashkilotlarga talabnomalar kiritildi. Shundan 9 milliard 210 million so‘mdan ortiq 210 ta talabnoma ijrosi ta’minlandi. Soddaroq aytganda shuncha miqdorga baholangan, lekin amalda sifatsiz bajarilgan qurilish va ta’mir ishlari pudratchi, ya’ni quruvchilarning o‘z mablag‘lari hisobidan me’yoriy hujjatlar talablari asosida qayta bajartirildi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilda 23 ming 40 kilometr avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilingan va ta’mirlangan. 2023 yilda 12 ming 813 kilometr avtomobil yo‘llari va shahar ko‘chalari rekonstruksiya qilishi va ta’mirlanishi rejalashtirilgan.
Agar hisobotlardagi kabi ishlar ham amalda bajarilganida yo‘llarimiz bu qadar ayanchli ahvolga kelib qolmas, avtohalokatlar ham kun ora sodir bo‘lmas edi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA