Piyodalar va velosiped yo‘lkalarida, yashil hudud maydonlarida avtomobilda harakatlanish, yo‘llarga noqonuniy to‘siqlar o‘rnatganlik, piyodalarga loyqa sachratganlik uchun qancha jarima solinadi?
Yo‘llarda “A” belgisi qo‘yilgan, ya’ni jamoat transportiga mo‘ljallangan yo‘lakda harakatlanganlik uchun jarima joriy qilinishi haqida ko‘p fikrlar bildirildi.
Amalda bunday huquqbuzarlik uchun jarima solishga oid qonun 2025 yil 11 apreldan kuchga kirdi.
“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga hamda jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunga ko‘ra bunday huquqbuzarlik sodir etganlar qancha jarima to‘laydi?
Shu kabi savollarga Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov javob berdi:
– Jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlangan transport vositalari haydovchilari uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagani uchun ham “A” yo‘lak amalda samara bermayotgan edi. Shu sababli, yangi qonun bilan bunday huquqbuzarlik uchun jarima belgilandi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 128-7-modda kiritilib, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutildi.
Jumladan, yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan transport vositalarining harakatlanishi (bundan ruxsat etilgan hollar mustasno) – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, ya’ni 375 ming so‘m jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida, ya’ni 1 million 125 ming so‘m jarima solinadi.
Shu bilan birga, haydovchilarning transport vositalarini velosiped yo‘laklari, trotuarlar hamda yashil hudud maydonlarida boshqarish holatlari kuzatilayotgani ushbu hududlarda harakat qatnashchilarining xavfsizligini ishonchli ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi nomlanishi va birinchi qismi dispozitsiyasi yangi tahrirda bayon etildi.
Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi, yuk avtomobillarida yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanishi (bundan ruxsat etilgan hollar mustasno), yo‘nalishli transport vositalari to‘xtaydigan bekatlardan yoki piyodalar o‘tish joylaridan yurish, tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzishi, xuddi shuningdek yo‘lovchiga yoki piyodalarga loyqa sachratishi bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan yana biri – noqonuniy ravishda sun’iy to‘siqlar o‘rnatilishi, yo‘lni to‘sib qo‘yish holatlari hisoblanadi.
Fuqarolar o‘z yashash hududlaridagi ko‘chalarda noqonuniy ravishda sun’iy to‘siqlar o‘rnatish, yo‘lni to‘sib qo‘yish orqali harakatlanishni cheklayotgani boshqa haydovchi va fuqarolarga, ayniqsa, aholiga shoshilinch xizmat ko‘rsatuvchi hamda maxsus transport vositalari harakatiga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu bois, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 147-moddasi nomlanishi va birinchi qismi dispozitsiyasi yangi tahrirda bayon etilib, yo‘llarga noqonuniy to‘siqlar o‘rnatish yoki to‘sib qo‘yish, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilari harakatiga to‘sqinlik qiluvchi boshqa qurilmalarni o‘rnatganlik uchun ham javobgarlik belgilandi.
Yo‘llarga noqonuniy to‘siqlar o‘rnatganlik yoki to‘sib qo‘yganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa – yigirma baravari miqdorida jarima solinadi.
Qonun jamoat transportining yo‘llarda to‘sqinliksiz harakatlanishi uchun sharoit yaratib, avtobuslardan foydalanadigan fuqarolarga katta qulaylik yaratdi. Велосипед yo‘laklari, trotuarlar, shuningdek, yashil hudud maydonlarida harakat ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash va ularning erkin harakatlanishiga zamin yaratildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA