Joriy yil 11 fevral kuni Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi tizimli muammolar tanqid qilinib, ularning yechimi bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan vazifalar ijrosi qanday va qachon bajariladi? Bu haqda O‘zA muxbiri Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov bilan suhbatlashdi.
- Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zamonaviy ish uslublari va “inson omili”ni cheklovchi raqamli texnologiyalar joriy etildi, - dedi P.Bobojonov. - Masalan, fuqarolar bilan bevosita muloqotni cheklash uchun xodimlar planshetlar, bodikameralar bilan ta’minlandi. Qoidabuzarliklarni elektron tarzda rasmiylashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Yo‘llarga 367 radar va 1 ming 584 videokamera (shundan 430 tasi qoidabuzarlikni aniqlovchi) o‘rnatildi. Jumladan, Toshkent shahridagi 111 chorrahaga 1 ming 20 ta videokamera o‘rnatilib, shahar IIBBning situatsion markaziga integratsiya qilindi.
Tizimda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida 4 mingdan ortiq xodim attestatsiyadan o‘tkazildi. Keyingi 3,5 yilda yo‘llarda xizmat olib boruvchi yo‘l-patrul xizmati xodimlarining deyarli 70 foizi to‘liq almashtirildi. Fuqarolar ovoragarchiligining oldini olish uchun 31 YPX maskani qisqartirildi.
Lekin tahlillar sohada bir qator muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Ochiq tan olish kerak, bugungi kunda yo‘llarda fuqarolar uchun xavfsiz sharoit yaratish, haydovchilarni tayyorlash va harakatlanish madaniyatini shakllantirish borasidagi ishlar talabga to‘liq javob bermaydi.
Har yili yo‘llarimizda 10 minggacha avtoavariya sodir etilmoqda. Buning oqibatida o‘tgan yili 2,5 mingga yaqin insonlar bevaqt hayotdan ko‘z yumdi, 9 mingdan ortig‘i turli darajadagi tan jarohati oldi.
Bunga asosan haydovchilarni o‘qitish sifati, qoidabuzarlarga nisbatan jazo ta’sirining yetarli emasligi, haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga qasddan amal qilmasligi, shuningdek, yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar sabab bo‘lmoqda.
Qonun-qoidalarni mensimaslik shu darajaga borib yetganki, hatto 13 mingdan ziyod fuqaro haydovchilik guvohnomasisiz mast holda transport vositasini boshqargan.
Avariyalarning 20 foizi tezlikka rioya qilmaslik, 25 foizi yo‘llardagi kamchiliklar, 47 foizi piyodalar ishtirokida, 10 foizi haydovchilarning tajribasizligi, 8 foizi qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish, 6 foizi veloyo‘lak bo‘lmaganligi oqibatida sodir etilgan.
Demak, yo‘l-transport hodisalarining salmoqli qismi piyodalar ishtirokida sodir etilayotganini ko‘rsatmoqda. Oqibatda o‘tgan yili 965 nafar piyoda, shundan 263 nafar bolalar vafot etgan.
– Bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida qanday ishlar amalga oshirilgan? Bu boradagi kelgusi rejalar qanday?
– 380 ta umumta’lim maktabida yo‘l harakati qoidalarini o‘qitish bo‘yicha maxsus sinfxonalar, yana 167 ta maktabda yo‘l harakatini o‘rgatish maydonchalari tashkil etildi.
Mazkur sharoitlardan foydalanib, maktablarda o‘quvchilarga yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha zaruriy tushunchalar berilmoqda. Yo‘llarda o‘zini xavfsiz tutish yuzasidan ko‘nikmalar shakllantirilmoqda. Lekin mazkur ishlar bilan respublikadagi faqat 4 foizgina maktablar qamrab olingan, xolos.
Shuning uchun barcha maktablarda maxsus sinfxonalar tashkil etilib, «Yo‘l harakati xavfsizligi» bo‘yicha alohida fan kiritish taklif qilinmoqda. Turkiya tajribasidan kelib chiqib, yo‘l harakati qoidalariga moslashtirilgan “Yo‘l harakati xavfsizligi” istirohat bog‘larini tashkil qilish rejamiz bor.
Koreya tajribasi asosida maktab yonidan o‘tgan yo‘lning 300 metr masofasida transport vositalarining harakatlanish tezligining yuqori chegarasini 30 km/soat etib belgilash taklif etilyapti. Bundan tashqari, maktablarga o‘quvchilarning kelib-ketishlari uchun maxsus avtobuslar harakatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yishga zarurat bor.
Har bir mahallada yo‘l harakati qoidalariga amal qilish yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, Norvegiya, Germaniya, Niderlandiya davlatlari kabi jamoat transporti va velosipedlardan ko‘proq foydalanishni aholiga tushuntirishga e’tibor qaratiladi.
Albatta, buning uchun jamoat transporti imijini ko‘tarish, veloyo‘laklar tashkil etish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha hokimliklar, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Transport vazirligi bilan birga mahallalarda ish olib borish kerak bo‘ladi.
– Yig‘ilishda yo‘llar infratuzilmasidagi kamchiliklar ham qattiq tanqid ostiga olindi. Mazkur muammolarni qanday bartaraf etiladi?
– Tahlillar har beshinchi yo‘l-transport hodisasi yo‘llarda munosib infratuzilma va xavfsiz harakatlanish uchun zaruriy sharoitlar yaratilmagani sababli sodir etilganligini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2 ming 248 km yo‘llarda qarama-qarshi yo‘nalishlarni ajratuvchi to‘siqlar o‘rnatilmagan. 3 ming 571 km trotuar, 2 ming 337 km veloyo‘laklar tashkil etilmagan, 2 ming 731 ta tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylari yoritilmagan. Shuningdek, 1 ming 835 ta joyga shovqin chiziqlarini chizish, 2 ming 904 ta joyga sun’iy notekisliklar yaratish, 750 ta svetofor o‘rnatish zarurati mavjud.
O‘z navbatida, bugun yo‘llarda 200 mingta yo‘l belgilari yetishmaydi. Mavjud 105 mingdan ziyodi esa zamonaviy turdagi yo‘l belgilariga almashtirilmagan. Mahalliy hokimliklar qoshidagi Yo‘l harakatini tashkil etish, maxsus o‘rnatish va foydalanish bo‘linmalari mavjud ehtiyojning atigi 50 foizini ta’minlab bermoqda.
Xususan, 2019-2021 yillarda respublika bo‘yicha o‘rnatilishi lozim bo‘lgan 610 mingta yo‘l belgilaridan 304 ming 775 tasi belgilangan talabga javob beradi, xolos. Bundan tashqari, aholi gavjum joylarda 25 ta yer osti va yer usti piyodalar o‘tish joylarini qurishga zarurat bor.
Ana shuning uchun ham videoselektor yig‘ilishida muhim yangilik – hokimliklarning Maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalarini Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tarkibiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Endi ularning faoliyatini zamonaviy talablar asosida tubdan takomillashtirish lozim.
Yo‘l belgilarini o‘rnatish va yo‘l chiziqlari chizish faoliyati autsorsing asosida xususiy sektorga beriladi. Mazkur tadbirlarni moliyalashtirish uchun “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» respublika hamda viloyat jamg‘armalari tashkil etiladi. Shuningdek, yo‘l belgilarini ishlab chiqish sohasida monopoliya bekor qilinib, sohada raqobat muhiti yaratiladi.
Kelgusida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylaridagi yo‘l belgilari va yo‘l chiziqlari yorug‘lik qaytaruvchi yaxshi ko‘rinadigan materiallardan tayyorlanadi.
Joylarga haydovchilar tomonidan piyodalarga yo‘l bermaslik bo‘yicha qoidabuzarliklarni qayd etuvchi maxsus videokameralar o‘rnatiladi. Tartibga solinmagan hamda xavfli yo‘lni kesib o‘tish joylarida piyodalar tomonidan boshqariladigan svetoforlar o‘rnatish ko‘paytiriladi.
– Haydovchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish uchun nimalar qilish kerak?
– Haydovchilarni tayyorlash, o‘qitish amaliyoti, yaratilgan sharoit, nazorat tizimi, mavjud imkoniyatlar joylarga chiqqan holda o‘rganildi.
Ochiq aytish kerakki, ahvol achinarli holatda. Xususan, hozirda faoliyat yuritayotgan 1 ming 348 ta o‘quv tashkilotining 745 tasida o‘z binosi, 1 ming 277 tasida o‘z o‘quv avtodromi yo‘q. Ularning 41 foizida o‘quv-mashq avtomobilidan ijara asosida foydalaniladi.
Shuningdek, haydovchilarni o‘qitish maktablarida «nosog‘lom raqobat» vujudga kelgan. Gapning to‘g‘risini aytganda, ayrim avtomaktablarning maqsadi sifatli ta’lim berish emas, balki mo‘may daromad topishga qaratilgan.
Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalaridan kelib chiqib, endilikda haydovchilarni tayyorlash, imtihon qilish va ularning malakasini oshirish tizimi tubdan takomillashtiriladi. Ta’lim sifati qat’iy nazorat qilinadi.
Haydovchilarni tayyorlovchi ta’lim sub’ektlari va imtihon markazlariga bo‘lgan talab hamda mezonlar belgilanadi. Ularning bu turdagi faoliyatni amalga oshirishi uchun litsenziya Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladi.
Avtomaktablarning o‘quv metodologiyasi, nazariy va amaliy o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek, o‘qituvchi va murabbiylarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga esa IIV Akademiyasi mas’ul etib belgilanadi.
Bundan buyon haydovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi yuritiladi. Shuningdek, har bir haydovchi hamda avtomaktablarning reytingi yuritiladi.
– Yo‘l harakatini tashkil etish va nazorat qilish tizimini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘yilgan topshiriq ijrosi qanday bajariladi?
– Ha, Yurtboshimiz bu og‘riqli masalaga bejiz alohida to‘xtalmadi. Respublikamizdagi 2 ming 752 chorrahaning bor-yo‘g‘i 145 tasi yoki 5 foizi zamonaviy kameralar bilan jihozlangan, xolos.
Bu esa yo‘l harakatini tashkil etish va nazorat qilib borish, chorrahalardagi tirbandliklar to‘g‘risida ma’lumotlarni olish hamda bartaraf etish uchun imkoniyatlarni cheklab qo‘ymoqda. Shuning uchun ushbu sohada eng ilg‘or hisoblangan Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Singapur, Koreya kabi davlatlarning tajribasi o‘rganib chiqildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyat markazlarining yo‘l uchastkalari va chorrahalarida 1 ming 491 aqlli svetofor, 4 ming 473 intellektual kamera, tezlikni nazorat qiluvchi 720 qurilma bilan jihozlash zarur.
Mazkur vositalar hokimliklar yordamida xarid qilinib o‘rnatilgan taqdirda, xuddi Toshkent shahridagi kabi «Avtomobil harakatini nazorat qilish va kuzatib borishning yagona markazlashgan va kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimi» har bir viloyatda tashkil etilib, ular integratsiya qilinadi.
– Sohaga oid qonun hujjatlari ham takomillashtiriladimi?
- Albatta, qonunchilik xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi. Bunda xalqaro tashkilotlar va ekspertlar, deputatlar, shuningdek aholining bu boradagi takliflari va tavsiyalari inobatga olinadi.
Jumladan transport vositasini mast holatda boshqarganlik va inson hayotiga xavf solishi mumkin bo‘lgan boshqa qoidabuzarliklar uchun javobgarlik choralari ilg‘or xalqaro tajriba asosida qayta ko‘rib chiqiladi.
Transport vositasini qasddan tartibsiz boshqarish, o‘zboshimchalik bilan harakat qatnashchilarini to‘xtashga majbur qilish orqali xavfni yuzaga keltirganlik («yo‘l bezoriligi») uchun javobgarlik belgilanadi.
O‘qitmasdan va o‘rgatmasdan haydovchilik guvohnomasini berganlik uchun ham jazo choralari ko‘zda tutiladi.
Sir emaski, keyingi paytlarda yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmat faoliyatiga noqonuniy aralashish, to‘sqinlik qilish, hatto qarshilik ko‘rsatish holatlari kuzatilayotgan edi. Endi bunday holatlarning oldini olish choralari ko‘riladi. Soha vakillarining shaxsiy himoya va faol mudofaa vositalaridan foydalanishi borasidagi huquqlari kengaytiriladi.
Haydovchilarga yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etiladi. Agar haydovchi tomonidan 12 oy davomida sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballarining umumiy miqdori 12 balldan oshsa, u transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Qoidabuzarlik sodir etmagan haydovchilarga esa bonus ballari hisoblab boriladi.
Oldimizda turgan yana bir dolzarb vazifa – xalqaro standartlardan kelib chiqib, Yo‘l harakati qoidalarining yangi tahririni ishlab chiqishdan iborat. Unda, jumladan, Toshkent shahri va yirik shaharlardagi markaziy ko‘chalarda transport vositalari harakatlanishining tezlik cheklovlari qayta ko‘rib chiqiladi.
2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hududiy 14 ta «yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi.
Ularda yo‘l infratuzilmasidagi mavjud muammolar va «avariya o‘choqlari»ni tahlil qilingan holda, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha tuman (shahar)lar kesimidagi manzilli chora-tadbirlar belgilanadi.
Avtomobil yo‘llarida transport harakatini tashkil etish, boshqarish va nazorat qilish faoliyati raqamlashtiriladi. Zamonaviy o‘quv xonalari, nazariy va amaliy o‘quv inventarlari hamda to‘laqonli o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan avtomaktab va imtihon markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Viloyat markazlaridagi, keyinchalik boshqa shahar (tuman) markazlaridagi serqatnov chorrahalar raqamli boshqaruvga o‘tkaziladi.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar har oy Oliy Majlis palatalarida muhokamadan o‘tkazib boriladi. Ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalangan holda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada jadallashtiriladi.
O‘zining shaxsiy manfaatlarini xalq manfaatlaridan ustun qo‘yayotgan nopok xodimlardan tizimni tozalash choralarini bundan buyon ham davom ettiramiz.
Soha xodimlarining faoliyatiga sun’iy intellektga asoslangan «inson omili» ta’sirini cheklovchi raqamli texnologiyalarning joriy etilishi xodimlar tomonidan fuqarolar bilan manfaatli muloqotga kirishish holatlariga barham beradi.
Shuningdek, yo‘l-patrul xizmati bo‘yicha fuqarolar orasida so‘rovlar o‘tkazib boriladi, jamoatchilik fikri asosida tegishli xulosalar qilinadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Yurtboshimiz qo‘ygan vazifalar ijrosi qattiq nazoratga olinadi. Bundan buyon ham Prezidentimizning va xalqimizning ishonchini oqlash uchun xodimlarning ishga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirishga, ular yangicha tizim asosida, o‘z kasbiga vijdonan yondashib xizmat qilishlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratiladi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova suhbatlashdi.