Prezidentimizning 2022 yil 30 dekabrdagi “2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “A-380” rusumli “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining Buxoro viloyati hududidan o‘tgan 150-228 kilometr oralig‘idagi 78 kilometr qismini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
O‘tkazilgan xalqaro tender savdolarida qatnashgan Xitoy Xalq Respublikasining “CRBC va SSSS Third Highway Engineering Co. Ltd” qo‘shma korxonasi xalqaro ahamiyatdagi yo‘l inshootining sement-beton qoplamasini qurish ishlariga bosh pudratchi etib tayinlangan. Ob’ektning tuproq ko‘tarmasi va asoslarini qurish ishlarida mahalliy pudratchilar qatnashmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 207,2 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Uning 165,5 million AQSH dollari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki mablag‘i bo‘lsa, 41,7 million AQSH dollari O‘zbekiston Respublikasi ulushi sanaladi.
Bu loyihada qurilish ustidan texnik nazoratni olib borish uchun o‘tkazilgan tender natijalariga ko‘ra, AQSH ning “SHELADIA Associates, Inc” injener-konsultant kompaniyasi bilan 2023 yil 20 yanvarida o‘zaro kelishuv shartnomasi imzolangan. Loyiha amaliyotini 2025 yil oxiriga qadar to‘liq yakuniga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.