Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammitiga tayyorgarlik doirasida avtomobil yo‘llaridan foydalanish va yo‘l-infratuzilmasini yaxshilash maqsadida viloyatdagi 110 kilometr avtomobil yo‘llarida yangidan asfalt yotqizildi. Buning uchun 327,4 ming tonna asfalt qorishmasi ishlab chiqarilib, jahon standartlari asosida ustki qatlam yotqizish ishlari bajarildi.
– Sammit o‘tkaziladigan ob’ektlarga olib boruvchi yo‘llarga 184 ming tonna asfalt qoplamasi yotqizildi, – deydi Samarqand viloyati avtomobil yo‘llaridan foydalanish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i G‘ofir Qoraboyev. – Shuningdek, ushbu yo‘llar yoqasida 178,3 kilometr piyodalar va velosiped yo‘laklari qurildi, 4300 dan ortiq tungi yoritish chiroqlari, 3050 dona yo‘l belgilari hamda 671 dona svetofor o‘rnatilib, eskilari yangilandi. Yo‘l yoqalarini ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 113 mingdan ortiq manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.
Bundan tashqari, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan shahardagi 31 kilometr ichki ko‘chalarda ta’mirlash ishlari olib borildi.
[gallery-8764]
Yo‘l infratuzilmasini yaxshilash borasidagi ishlar davomida shaharning Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida tunnel shaklidagi zamonaviy yo‘l o‘tkazgich qurilishi transport qatnovida bir qator muammolarga chek qo‘ydi.
2019-2021 yillarda amalga oshirilgan mazkur loyihaga asosan umumiy uzunligi 675 metr bo‘lgan yo‘l o‘tkazgich bunyod etildi. Inshootning estakada qismi uzunligi 20 metr, balandligi 5,7 metr va kengligi o‘rtacha 26,3 metrni, tirgak devorlarining umumiy uzunligi 551 metrni tashkil etdi.
Yo‘l o‘tkazgichda 66 ta yoritish chirog‘i, 1800 metr masofada tramvay izi yotqizildi. Bundan tashqari, 1640 metr masofada piyodalar yo‘lagi qurildi.
Mazkur yo‘l o‘tkazgich bir kunda 1500 taga yaqin avtomobilni o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Bo‘stonsaroy ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida Siyob kanali ustida galereya shaklidagi ko‘prik bunyod etildi.
– Shu paytgacha ko‘chaning Siyob kanali ustidan o‘tgan qismi pastlikda joylashgani sababli kuchli yog‘ingarchilik paytida yo‘lni suv bosib, transport vositalari va piyodalar harakatlanishiga xalaqit berardi, - deydi “Ko‘prikqurilish” unitar korxonasi mutaxassisi A.Bekmirzayev. – Olti oy ichida ko‘prikni avvalgi holatidan 9,20 metrga ko‘tardik, suv o‘tkazuvchanligi oldingisidan besh barobar ko‘p bo‘lgan 192 metrlik galereya qurildi. Yangi ko‘prikning umumiy uzunligi 370 metrga teng. Olti qatorli yo‘l chetlarida piyodalar yo‘lagi va veloyo‘lak mavjud. Ko‘prikning har ikki tomonida shovqinni ushlab qoluvchi maxsus dekorativ panellar o‘rnatilgan.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA