O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan shu yilning aprel oyi boshida o‘tkazilgan yig‘ilishda quyidagilar alohida ta’kidlandi: “Sayyohlar Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryodan o‘tgan magistral va ichki yo‘llar ahvolidan noroziligi qayd etildi.”
Yaqinda Qozog‘istondan kelgan ijodkor do‘stimiz bilan birgalikda Vatanimizning janubiy viloyatlarini sayohat qilish uchun yo‘lga chiqqanimizda yuqoridagi nuqsonlar tuzatilishi hamon kechikayotganligining guvohi bo‘ldik..
Aslini olganda Jizzax va Samarqanddan o‘tayotganimizda uning quvonchi cheksiz edi.
Ammo Qashqadaryoning Dehqonobod tumani markaziga borganimizda negadir mehmonning kayfiyati buzildi.
–Biror narsadan xafa bo‘ldingizmi?-deb so‘radim hayron bo‘lib.
–Mana bu yo‘llarni qarang.O‘ydim-chuqur, yaqin yillarda ta’mirlanmaganga o‘xshaydi,–dedi u qovog‘i osilib.
–Endi tuzatishsa kerak,–dedim uni ovutish uchun.
Buning ustiga taksichi ham zorlanib qoldi.
–Necha yillardan beri ahvol shu. Surxondaryoga borishimiz uchun Dehqonobod tumanining eski markazi, ayrim qishloqlari hamda Qorashina qo‘rg‘onidan o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. Yo‘lovchilar ham, haydovchilar ham doimo xunob bo‘lishayotir. Chunki, yo‘llar notekisligi sababli mashinamizni tez-tez ustaga ko‘rsatishimizga majbur bo‘lyapmiz. Ehtiyot qismlar esa arzon emas. ”Neksiya”mizni har bir ta’mirlashga qariyb million so‘m sarfla-yotganimiz dard ustiga chipqon bo‘lmoqda. Agar ko‘chalar tezroq tuzatilib, yangidan asfaltlansa, bunday ortiqcha xarajatlarga hojat qolmas edi.
Qashqadaryo ortda qoldi. Surxondaryoga kiraverishda tep-tekis ravon yo‘llar boshlandi.
Biroq Sherobod tumanidagi sobiq Ulush Turopov hamda Nuriddin Murodov nomli xo‘jaliklar hududidan o‘tayotganimizda yana chet ellikning fig‘oni falakka chiqdi.
–Bu yerdayam yo‘llarni ta’mirlashga e’tibor berilmas ekan, –dedi kuyinib. –Odamlar ahvol nochorligidan shikoyat qilishmaydimi?
To‘g‘ri, yaqinda buzuq yo‘llarning bir qismini sozlashga kirishilgan ekan. Ammo bu ish negadir sekinlik bilan amalga oshirilmoqda.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari avtomobil yo‘llari boshqarmalari rahbarlari bunday achinarli ahvolni qachon tuzatishar ekan?
Jovli Xushboqov, O‘zA muxbiri