Navoiy viloyati hududidan o‘tuvchi davlat va mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yo‘llari tekis va ravonligi bo‘yicha respublikamizning istalgan hududi bilan raqobatlasha oladi.
Esimda, bir necha yillar oldin Samarqanddan qishloqqa, Nurota tumanidagi Anna qishlog‘iga kechasi yo‘lga tushishga to‘g‘ri kelib qoldi. Asli Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan, o‘sha vaqtda Samarqand shahrida istiqomat qilayotgan tanishimning avtomashinasida yo‘lga tushdik. Mitan qo‘rg‘onidan to Jo‘sh qishlog‘igacha bo‘lgan yo‘l haydovchilar uchun go‘yoki sinov maydoni edi. Kelgunicha “yama”larni sanab, esing ketadi. O‘sha vaqtlarda yo‘l ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan, haydovchilarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lardi. (Hozir ahvol boshqacha, yo‘l ta’mirdan chiqarilib, yaxshi holatga kelib qolgan). Belgilangan masofani bosib o‘tish uchun qariyb ikki soatcha vaqt ketardi.
Tanishim, Nurota tumani hududiga o‘tgandan keyin “Bir mashina haydaganday bo‘laylik”, deya Nurota shahrigacha qariyb borib-kelish uzunligi 100 kilometr masofaga kelib ketgandi. Bugun ham Nurota tumani hududidagi yo‘llarga har kimning havasi keladi. Bunda yo‘lsozlarning alohida xizmatlari bor.
Umrzoq Xalilov qariyb 25 yildirki yo‘lda mehnat qiladi. Nurota tumani, Eski qishlog‘ida tug‘ilib voyaga yetgan U.Xalilov Navoiy qurilish kollejini bitirib, Nurota tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasiga ishga kiradi.
– Har bir “yo‘lchi” ga 7 kilometr uzunlikdagi yo‘lni nazorat qilish yuklatilgan, – deydi U.Xalilov. – Menga M-4-375 yo‘lining 7-14 kilometri yuklatilgan. Har kuni hududimizdagi yo‘llarni ko‘zdan kechiramiz, yo‘l yoqalarini tozalaymiz va tartibga keltiramiz. Bahordan to kuz oyining o‘rtalarigacha vaqti-vaqti bilan begona o‘tlardan tozalaymiz. Yo‘l belgilari, ustunlarni bo‘yoq qilamiz. Qishda esa yo‘lning muzlagan qismiga qum sepamiz, uyulib qolgan qordan tozalaymiz. Maqsadimiz, haydovchilarga qulayliklar yaratish.
Yo‘l-yo‘lakay Umrzoq akadan ishingiz qiyin emasmi, deya so‘raymiz. U: “Haydovchilarning yo‘limiz tekisligini aytib, “Rahmat shu yo‘lchilarga” deyishi barcha qiyinchilik va charchoqlarni esdan chiqaradi”, deydi.
bugungi kunda Nurota tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tuman hududidagi 538 kilometr umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llariga xizmat ko‘rsatadi. Uning 344 kilometri davlat ahamiyatidagi va 194 kilometri mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llaridir.
Korxona tomonidan 2021 yilning yanvar-noyabr oylari davomida qariyb 44 milliard 491 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari, umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarida asosiy faoliyat bo‘yicha esa 14 milliard 973 million so‘mlik ta’mirlash va saqlash ishlari bajarildi.
– To‘la ta’mirlash ishlarida umumfoydalanuvdagi 4K390 “4R271” avtomobil yo‘lidan “Sovuqbuloq” qishlog‘iga shoxobcha avtomobil yo‘lining 0-5 km qismi 1 milliard 461,1 million so‘m mablag‘ evaziga shag‘al qoplamali yo‘ldan asfaltobeton qoplamali yo‘lga o‘tkazildi, – deydi tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi bosh muhandisi Hamza Xudoyqulov. – Mavsumlar oralig‘ida yoqqan kuchli jala va yomg‘irlardan hosil bo‘lgan sel suvlari oqibatida umumfoydalanuvudagi 4R271 “4R269 a/yo‘li – “Tikonli qishlog‘i - Ravot qishlog‘i - Papanay qishlog‘i - Suvliq qishlog‘i - Modovod qishlog‘i” orasidagi 0-5 va 51,7-60 kilometrlarida avtomobil yo‘lining yo‘l poyi, qoplama qismi va yo‘ldagi sun’iy inshootlarga jiddiy zarar yetkazilgan edi. Natijada, yetkazilgan talafotlarni bartaraf etish maqsadida respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan avtomobil yo‘lining 0-3 kilometr shag‘al qismi qum-shag‘al aralashmasi bilan qayta tuzatildi. Yo‘lning 3-5 va 51,7-60 kilometr qismiga to‘liq qora qorishmadan qoplama yotqizildi. Shuningdek, yetishmaydigan yo‘l belgilari, ogohlantiruvchi ustunchalar va zarar yetgan suv o‘tkazish quvurlari qayta o‘rnatildi.
Tuman hududidagi avtomobil yo‘llari doimiy nazoratda. Joriy yil davomida umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarida joriy ta’mirlash ishlari bo‘yicha 5 milliard 490,1 million so‘m o‘zlashtirildi. Bunda asosan 4R57 “Qizilqum xalqa” avtomobil yo‘lining 56-59 kilometr qismiga issiq asfaltobeton qorishmasidan qoplama yotqizildi va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2 ta chorrahaga svetafor o‘rnatildi. 3251,5 metr kvadrat avtomobil yo‘llarida paydobo‘lgan nosozliklar bartaraf etilib, 125 dona zamonaviy nur qaytaruvchi yo‘l belgilari o‘rnatildi.
Qish yo‘lsozlar uchun eng dolzarb va mas’uliyatli fasl. Mavsumni namunali yakunlash uchun esa oldindan tayyorgarlik ishlarini olib borish zarur. Korxona tomonidan avtomobil yo‘llarida qish mavsumida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 216,5 million so‘mlik qishki ishlar bajarildi. Asosan 4R57 - “Qizilqum xalqa” yo‘lida joylashgan “Qora-qarg‘a dovoni, 4R56 - “Oqtosh shahri - Yangirabot shahri - Langar qishlog‘i - Chuya qishlog‘i” avtomobil yo‘lidagi “Langar” dovonida transport vositalarining uzluksiz xavf-xatarsiz qatnovini ta’minlash maqsadida sirpanchiqqa qarshi qum-tuz aralashmasi sepildi.
Shuningdek, avtomobil yo‘llaridagi yo‘l qoplamalari, ko‘priklar va quvurlar, yo‘l jihozlari, avtobekatlarni toza va soz holda saqlash, yo‘l chetlari va yo‘l mintaqalarini har xil chiqindi, o‘t-o‘lanlardan tozalash ishlari olib borildi.
Tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan pudrat faoliyati bo‘yicha qariyb 29 milliard 518 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.
– Tumandagi “Qizilcha” MFY Qizilcha qishlog‘i hamda “Temirqovuq” MFY Temirqovuq qishloqlarida yo‘l infrastukturasini rivojlantirish maqsadida 55,6 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llar ta’mirlanib, qishloq markaziy ko‘chalariga 216 dona tungi yoritish tarmoqlari o‘rnatildi, – deydi korxona rahbari Ravshan Norboboyev.
[gallery-5225]
– “Obod qishloq” dasturi doirasida bu ishlarni bajarish uchun mahalliy byudjet mablag‘laridan 8 milliard 191 million so‘mga yaqin mablag‘ o‘zlashtirildi. Shuningdek, “Obod mahalla” dasturi bo‘yicha G‘ozg‘on shahrining “Tumar” va “Marmarobod” mahalla fuqarolar yig‘inlari ichki yo‘llarida qariyb 24,6 kilometr ta’mirlash ishlari olib borildi va MFY markaziy ko‘chalariga 156 dona tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi.
“Obod markaz” dasturi bo‘yicha tuman, shahar markazlari qiyofasini o‘zgartirish va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Nurota shahridagi S.Siddiqov va Sh.Rashidov markaziy ko‘chasi ta’mirlanib, piyodalar va velosiped yo‘laklari, tungi yoritish chiroqlari hamda svetafor o‘rnatish ishlari bajarildi. G‘ozg‘on shahar “Marmarobod” MFY hududidagi A.Temur va Mustaqillik ko‘chalarida to‘liq ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha tumandagi 12 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi qishloqlarda maktab, bog‘cha, sog‘liqni saqlash muassasalariga olib boruvchi 9,4 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanib foydalanishga topshirildi.
Albatta, yo‘l ravon va tekis bo‘lsa, ko‘zlangan manzilga bexavotir, ko‘ngil xotirjam holda yetib borish mumkin. Keng va ravon yo‘llar manzilimizni yaqin qilib, xavfsizligimizni ta’minlashga xizmat qiladi. Bunda esa yo‘lsozlarimiz tomonidan amalga oshirilayotgan sifatli ishlar muhim ahamiyatga ega.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA