Yolg‘izlarga ko‘mak berish savobli ish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 dekabrdagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Inson” markazlarida pullik ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tartibi joriy etilgan.
G‘ijduvon tumanida yashovchi Azim ota turmush o‘rtog‘idan ayrilgandan so‘ng katta hovlida yolg‘iz qoldi. Xonadonda saranjom-sarishtalikni saqlash, kiyim-kechaklarni tartibga keltirish Azim ota uchun qiyinchilik tug‘dira boshladi.
Shunda mahalladagi ijtimoiy xodim xonadonda bo‘lib, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan shartnoma asosida ko‘rsatilayotgan pullik xizmatlar haqida ma’lumot berdi. Azim ota mazkur xizmatlardan foydalanish uchun murojaat qildi va unga ijtimoiy xodim assistenti tayinlandi. Hozirda Azim ota ko‘rsatilayotgan yordamlardan mamnun.
Azim ota kabi ko‘plab yoshi ulug‘ insonlar uchun bu xizmatlar katta yengillik yaratmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.