Ijtimoiy himoya
Mamlakatimizda o‘zgalar parvarishiga muhtoj hamda yolg‘iz yashovchi keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga olingan.
Hududlarda tashkil etilgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan esa keksalarning turmush darajasi va ijtimoiy faolliklarini yanada oshirish maqsadida ular turli madaniy hamda sport tadbirlariga jalb etilmoqda.
– “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan yolg‘iz, o‘zgalar parvarishiga muhtoj va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan barcha sharoit va imtiyozlardan foydalanishlari uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Navbahor tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi sho‘’ba mudiri Navbahor Yusupova. – Jumladan, ular ko‘ngilochar, ma’naviy-ma’rifiy dasturlar, sport musobaqalari yoki mashg‘ulotlariga keng jalb qilinmoqda. Har chorakda ularning salomatligi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘liklarini Bartel va Lauton shkalasi bo‘yicha baholab boramiz. Shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy dasturlarga asosan tumanimizdagi kutubxonalarda o‘tkaziladigan tadbirlarga, sport musobaqalariga jalb qilamiz. Har chorakda kitobxonlik talovlarini o‘tkazamiz. O‘zgalar parvarishiga muhtoj, yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qadimiy qadamjolarga sayohatlar ham uyushtirib turamiz. Biz ularni nafaqat tumanimizdagi, balki viloyatimizda joylashgan qadamjolarga olib borib, ob’ektlarning tarixi bilan tanishtiramiz. Ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga harakat qilmoqdamiz.
Albatta, yurtimizda o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatga integratsiya qilish va mustaqil hayot kechirishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 dekabrdagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini bajarmoqda.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining tashabbusi bilan hamkor tashkilotlar birgaligida bir guruh o‘zgalar parvarishiga muhtoj, yolg‘iz yashovchi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun Navoiy shahriga sayohat tashkil etildi.
[gallery-21375]
– Yurtimizda inson qadri ulug‘, – deydi mehnat faxriysi Bibirajab Muhammedova. – Turmush o‘rtog‘im dunyodan o‘tgandan keyin yolg‘iz qolib ketgandim. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazidan kelib, “Biz sizga yordam qilamiz”, deyishdi. Hozirda doimiy ravishda xabar olib turishadi. E’tibordan chetda qoldirishmaydi. Ularga rahmat. Bepul dori-darmon berilmoqda. Bugun muzeyga olib kelishdi. Birinchi bor kelishim. Chiroyli, ko‘p eksponatlar bor ekan. Navoiyning boy tarixga ega ekanligini bildim.
Sayohat davomida nuroniylar Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida joylashgan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyida bo‘lib, u yerdagi eksponatlar bilan tanishdi. Shuningdek, ular Karmana tumanidagi Qosim shayx majmuasida ham bo‘ldi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/T768snMNQMQ" title="Yolgʻiz yashovchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun sayohat tashkil etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari