Yolg‘iz keksalarga davolanish uchun yo‘llanma berish tartibi qanday?
O‘zbekistonda yolg‘iz keksalarning sog‘lig‘ini tiklash va ularga tibbiy-ijtimoiy ko‘mak berish tizimi tubdan yangilanib, har yili bepul sanatoriylarda davolanishlari qonunan kafolatlangan. Xususan, mamlakatimizda o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalarga sanatoriylarda bepul davolanish uchun yo‘llanmalar har yili bir marta beriladi. Ushbu toifadagi fuqarolar navbat asosida 10 kunlik muddatga bepul sog‘lomlashtirish yo‘llanmasi bilan ta’minlanadi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu haqda quyidagicha ma’lumot berdi:
–Vazirlar Mahkamasining “Aholiga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar berish sohasiga axborot-texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar qatorida yolg‘iz keksalarga ham sanatoriylardan bepul foydalanish imtiyozi berilgan.
Buning uchun ular davlat xizmatlari markazlari yoki vakolatli organga kelib murojaat etadi yoxud davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tishlari lozim. Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zlari yoki vakillari kelib murojaat etgan taqdirda Davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli organ xodimi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar nomidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali murojaat etgan taqdirda esa – mustaqil tarzda so‘rovnomani elektron ravishda to‘ldiradi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA