Muborak Qurbon hayiti arafasida Ijtimoiy himoya milliy agentligining Surxondaryo viloyatidagi “Inson” ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari xayrli tashabbusni boshladi. Mahallalardagi yolg‘iz qariyalar uchun “Keksalar ehtiromda” loyihasini tashkil etib, tug‘ilgan kunlarida ularni tabriklashni yo‘lga qo‘ydi.
Loyiha Sariosiyo tumanidagi Do‘stlik mahallasida yashovchi Hayitoy Berdiyeva xonadonidan boshlandi. Shu kuni oltmish besh yoshga to‘lgan yolg‘iz yashovchi momoni Sariosiyo tumani “Inson” ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazi xodimlari yo‘qlab borib, muborak yosh bilan tabrikladi. Sovg‘alar ulashdi.
– Do‘stlik mahallasida istiqomat qiladigan yakka yolg‘izlar ro‘yxatida turuvchi Berdiyeva Hayitoy momo oltmish besh bahorni ko‘rdi, – deydi Sariosiyo tumani “Inson” ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazi ijtimoiy xodim assistenti Alisher Boymurodov. – Shu munosabat bilan jamoamiz nomidan tabrikladik. Mamlakatimizda hech bir shaxs e’tibordan chetda emas. Xabar olib turamiz. Uy yumushlariga ko‘maklashamiz. Onajonimiz xursand.
– Bugun oltmish besh yoshni qarshi oldim, – deydi Hayitoy momo. – Yurtimizdan, Yurtboshimizdan minnatdorman. Sog‘ligimdan xabar olib turishadi. Yordam ko‘rsatishadi. Bu yil tug‘ilgan kunimda tabriklab, sovg‘alar ham berishdi. Buni kutmagandim. Prezidentimizga katta rahmat aytaman.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sened5K01E4" title="Yolgʻiz keksalar ehtiromda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ayni paytda Surxondaryo viloyatida 351 nafar yolg‘iz keksa yashaydi. Endilikda joylardagi “Inson” ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari xodimlari nafaqat, ularga turli ko‘mak beradi, balki tug‘ilgan kunlari bilan muborakbod etib, ko‘ngillariga bir olam quvonch ham ulashadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri