Yo‘l-yo‘lakay bog‘chalarga ham kirib o‘tdik... (+video)
Sirdaryo viloyatidan o‘tib ketayotib, yo‘l chetidagi bolalar bog‘chasiga ko‘zimiz tushdi va bugun ushbu sohadagi islohotlar amalda qanchalik samara berayotganini ko‘rish maqsadida Oqoltin tumanidagi “Ko‘rkam diyor” mahallasi hududida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘ldik.
Mazkur hudud viloyat markazidan ancha olisda joylashgan. Lekin davlat e’tibori tufayli bolajonlar uchun shaharnikidan qolishmaydigan sharoitlar yaratilganining guvohi bo‘ldik.
Yozning issiq haroratidan bahra olayotgan bolajonlar uchun o‘tayotgan har bir kun, har bir soat foydali mashg‘ulotlarga boy. Bu yerda jajjilarning chiniqishlari, bilim olishlari, zukko bo‘lishlariga asosiy urg‘u berilgan. Shu bois mashg‘ulotlarga bilimli va tajribali pedagoglar jalb qilingan. Ularning maroqli dam olishlari, sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoit talab darajasida.
Ushbu 2-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining to‘liq kapital rekonstruksiyasi “Indorama” xorijiy kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Ushbu kompaniya Oqoltin va Sardoba hududida faoliyat ko‘rsatadi va ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etib keladi.
Albatta, bundan eng avvalo farzandini yoki nevarasining kamolini ko‘raman, degan ota-onalar, bobo va buvijonlarning kayfiyati juda yuqori.
Shu bilan birga xorijiy kompaniya tomonidan tumandagi 8-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining ham to‘liq rekonstruksiyasi amalga oshirildi. Xullas, bugungi kunda chet ellik investorlar ham davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy sohalardagi islohotlarni faol qo‘llab-quvvatlamoqdalar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IRNVoow1RP0" title="Yoʻl-yoʻlakay bogʻchalarga ham kirib oʻtdik..." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Umuman bugun respublikamizning barcha hududlarida ta’limning asosiy ustuni bo‘lgan bog‘chalarga katta e’tibor berilayotgani bejizga emas. Ayni shu yoshda olingan bilim va tafakkur kelgusida bolajonlarning aqlan yuqori darajada shakllanishlariga, buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar bo‘lib yetishishlariga zamin bo‘ladi.
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA